Xoʻsh, bu muvaffaqiyatga qanday erishildi?
– Eng avvalo, aniq reja va tizimli yondashuv uchun alohida «Yoʻl xaritasi» ishlab chiqildi. Mahallaga biriktirilgan ichki ishlar boshqarmasi rahbarlari va masʼullar tomonidan har bir xonadon oʻrganildi. Har qaysi fuqaro bilan suhbatlashilib, dard-u tashvishlar tinglandi. Aniqlangan muammolar boʻyicha manzilli va maqsadli ish olib borildi. Ikkinchidan, muqaddam sodir etilgan jami 9 ta
– oʻgʻrilik va bezorilik, tan jarohati va kiberjinoyatlar mahalla yettiligi va biriktirilgan masʼullar ishtirokida muhokama qilindi. Kelgusida bunday jinoyatlarning oldini olish boʻyicha aniq chora-tadbirlar belgiladik, – deydi tuman IIB JXX HPB profilaktika inspektori, katta leytenant Uygʻun Abdullayev. – Muqaddam sudlangan
3 nafar shaxsning ham ijtimoiy ahvoli oʻrganilib, muammolari hal etildi va ular tomonidan qayta jinoyat sodir etishining oldi olindi.
Bulardan-da muhim jihatga jiddiy nazar solindi. Yaʼni aholining daromad manbayini shakllantirishga jiddiy eʼtibor qaratildi. Mahalla fuqarolari – Nargiza Alimova, Nargiza Mansurova, Shohida Yusupova va Amirxol Amirova tashabbuslari bilan kichik ishlab chiqarish sexini tashkil etishdi. Ularga kredit olishda yordam koʻrsatildi. Natijada birgina sexda 10 nafardan ziyod ayol ishlay boshladi. «Yoshlar daftari»ga kiritilgan Bobur Soatov va Toʻychi Boynazarovlarning 200 million
soʻmlik kredit olib chorva sotib olishgani sababli, ularga 6 nafar yosh ishchi boʻlib yollanishdi.
– Nizoli va notinch oilalar bilan profilaktik ishlar kuchaytirildi, –deydi «Farovon» mahallasi raisi Ilhom Toshboyev. – Muntazam ravishda spirtli ichimlik isteʼmol qilib, oilaviy janjallarga sabab boʻlayotgan ayrim oilalar bilan tizimli ishlash natijasida mazkur oilalardagi muhit va munosabatlar yaxshilandi.
Bugun zamonaviy kuzatuv kameralarisiz xavfsizlikni toʻliq taʼminlab boʻlmaydi. Shu bois mahallaga kirib-chiqish joylariga jami 20 ta kamera va tungi yoritish chiroqlari oʻrnatildi. Videokameralarning 3 tasi 360 gradusli PTZ,
5 tasi raqamni roʻyxatga oluvchi va 5 tasi yuzni tanib oluvchi zamonaviy kameralar hisoblanadi. Shuningdek, toʻsinlarga bir nechta tashvish va SOS tugmalari oʻrnatilib,
situatsion markazga hamda «Qalqon» dasturiga integratsiya qilindi.
Sodiq Rahimov,
oʻz muxbirimiz.
Qashqadaryo viloyati.
