Bir odam uyi yonida chiroyli maysazor barpo qilibdi. U yerdagi maysalar qishin-yozin yam-yashil boʻlib turar ekan. 

Bir yili bahor kelishi bilan maysazordan qoqi oʻtlar oʻsib chiqibdi. Oʻtloq sap-sariq gullarga toʻlibdi. Bir kundan keyin esa maysazor oppoq momaqaymoqlarga burkanibdi. Bu oʻzgarish maysazor egasiga yoqmabdi. U qoqigullarni yulib tashlabdi, lekin ular yana chiqib kelaveribdi. Maysazor egasi ulardan qutulish uchun oʻzi bilgan usullarni qoʻllab koʻribdi, lekin foydasi boʻlmabdi. Shunda Qishloq xoʻjaligi departamentiga xat yozib, uning yakunida: «Men hamma usullarni qoʻllab koʻrdim, endi nima qilishim mumkinligi haqida menga maslahat bering», debdi. Departamentdan unga javob xati kelibdi. Unda: «Endi sizga ularni sevib qolishni maslahat beramiz», deb yozilgan ekan.

INSON HAYOTGA MUHABBAT BILAN YONDASHSA, UNDAGI GOʻZALLIKLARNI TEZROQ ILGʻAY BOSHLAYDI.

«Tarbiya» kitobidan olindi.