Mamlakatimizda yoshlarning intellektual salohiyatini kuchaytirish, kitob mutolaasini oshirish maqsadida bir qator xayrli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, joylarda oʻtkazilayotgan “Yosh kitobxon”, “Kitobxon oila” tanlovlari hamda “Zakovat” intellektual oʻyinlari shular jumlasidandir. Eʼtiborli jihati, avvallari tor doirada oʻtkazilgan “Zakovat” oʻyinlari hozirda har xil kasb egalari, turli vazirlik va tashkilotlardan tarkib topgan jamoalar oʻrtasida ham oʻtkazib kelinmoqda.
Xususan, IIV Xalqaro aeroportlarda xavfsizlikni taʼminlash qoʻshinlari tizimida oʻtkazilayotgan bunday tadbirlardan koʻzlangan maqsad, harbiy xizmatchilarning intellektual bilimini oshirish, ular oʻrtasida kitobxonlikni targʻib qilishdan iboratdir. Yaqinda mamlakatimizning turli hududlarida joylashgan qoʻshin tarkibidagi harbiy qismlar yosh harbiy xizmatchilardan tashkil topgan 12 ta jamoa poytaxtda jam boʻlishdi. “Jar” sport-sogʻlomlashtirish majmuasida boʻlib oʻtgan “Zakovat” intellektual oʻyinida jamoalar oʻzlarining qanchalik bilimli va koʻp kitob oʻqiganliklarini amalda koʻrsatishdi.
Qizgʻin bahs va munozaralarga boy tarzda oʻtgan oʻyin yakunida IIV Xalqaro aeroportlarda xavfsizlikni taʼminlash qoʻshinlari qoʻmondonligi harbiy xizmatchilaridan tarkib topgan jamoa birinchi oʻrinni egalladi. Keyingi oʻrinlar esa 7251-sonli harbiy qism va 7254-sonli harbiy qism jamoalariga nasib qildi. Musobaqa gʻoliblari qimmatbaho sovgʻa va diplomlar bilan taqdirlandi.
Foziljon Mamasharipov,
“Postda” muxbiri.
