Davlatimiz rahbarining joriy yil 12 fevralʼ kuni Ichki ishlar vazirligi Hayʼatining kengaytirilgan majlisida bergan topshiriqlarining ijrosini taʼminlash maqsadida Ichki ishlar vaziri general-leytenant Poʻlat Bobojonov boshchiligidagi ishchi guruh oʻz ishini Qoraqalpogʻiston Respublikasining Toʻrtkoʻl tumani ichki ishlar boʻlimining faoliyatini oʻrganishdan boshladi.
Tuman navbatchilik qismida tashkil qilingan situasion markaz, profilaktika inspektorlari faoliyatida foydalanilayotgan bodi-kameralar, jinoyatchilikning oldini olish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishildi. Shundan soʻng, boʻlimning vaqtinchalik saqlash hibsxonasidagi sharoit oʻrganilib, ayni vaqtda u yerda saqlanayotgan tergov harakatlari olib borilayotgan shaxslar bilan suhbatlashildi. Ularning jinoyat sodir etishiga sabab boʻlgan omillar oʻrganildi hamda kelgusida jinoyat sodir etilishini oldini olish maqsadida ularni ishga joylashtirish va ijtimoiy moslashtirish yuzasidan mutasaddi rahbarlarga kerakli topshiriqlar berildi.
Tuman IIBda yangidan tashkil etilgan, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish va jilovlash boʻyicha tezkor shtab faoliyati bilan ham yaqindan tanishildi. Jumladan, shtabda mavjud boʻlgan tumanning va mahallalarning geoinformasion xaritalari, mahallabay tizimida olib borilayotgan ishlar va jinoyat koʻrsatgichlari yuqori boʻlgan hududlarga xizmat koʻrsatuvchi profilaktika inspektorlari tomonidan xizmatda foydalanilayotgan maxsus planshetlarning taqdimoti boʻlib oʻtdi.
Oʻrganish natijalariga koʻra mahallalarda “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan shaxslarning muammolarini yaqindan oʻrganish, mazkur toifadagi shaxslar bilan manzilli ishlarni tashkil etish boʻyicha aniq topshiriqlar berildi.
Shuningdek, Ichki ishlar vaziri Beruniy tumani ichki ishlar boʻlimida ham boʻlib, tumanning toʻrtta sektorini oʻz ichiga olgan tezkor shtab faoliyati bilan tanishib, sektor rahbarlari tomonidan hududda sodir etilgan jinoyatlarga olib kelgan shart-sharoitlarni bartaraf etishga qaratilgan jamoatchilik muhokamasining taʼsirchanligini oshirish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish borasida hamkorlikdagi ishlarni yanada jadallashtirish lozimligini taʼkidladi. Tumanda mahalliy byudjet hisobidan yangidan tashkil etilayotgan Post patrulʼ xizmati va jamoat tartibini saqlash boʻlimiga, tuman IIB boshligʻining tavsiyasiga koʻra “Neksiya 3” maxsus patrulʼ avtomobili ajratilishi rejalashtirildi.
Vazir tomonidan, tuman ichki ishlar boʻlimi rahbar xodimlariga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 26 mart kungi “Jamoat xavfsizligini taʼminlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida ichki ishlar organlari faoliyatini sifat jihatdan yangi bosqichga koʻtarish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-6196-sonli Farmonining mazmun mohiyati tushuntirilib, uning ijrosini taʼminlash, shuningdek har bir mahalla, oila va shaxs kesimida jinoyatchilikning sabablarini aniqlash va ularni bartaraf etish orqali huquqbuzarliklarning oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashishga oid muammolarni bevosita joylarning oʻzida hal etish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.
Hududlarni oʻrganish jarayonida sektor rahbarlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri va uning oʻrinbosarlari, tumanlarga biriktirilgan idora va tashkilotlarning masʼul xodimlari hamda
mahalla faollari bilan suhbatlashilib, ular tomonidan bildirilgan taklif va mulohazalar asosida, reja ishlab chiqilib, faoliyat samaradorligini oshirishga alohida eʼtibor qaratish lozimligi taʼkidlandi.
Ichki ishlar vaziri boshchiligidagi Ishchi guruh tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasida oʻrganishlar davom etmoqda.
IIV Axborot xizmati
