Oliygohni tamomlaganidan keyin ham boshqarmada faoliyatini davom ettiradi. Oradan birmuncha vaqt oʻtganidan soʻng eʼlon orqali Toshkent shahar IIBBga hujjat topshirdi. Boʻy-basti kelishgan, ilmli va arxivda ishlash malakasiga ega kadr imtihonlardan muvaffaqiyatli oʻtib, xizmatga qabul qilinadi.
Yosh xodim IIV Malaka oshirish institutiga oʻqishga yuborilganida turmush qurganiga endigina bir yil toʻlgandi. Shu bois uyidan, ayolidan ilhaq boʻlardi.
Masturaxon vaqt soati yetib, toʻrt goʻdakni bu dunyoga keltirganida Dostonbekning quvonchi ichiga sigʻmadi. Axir biryoʻla toʻrt nafar farzandli boʻlish hammaga ham nasib etmas. Dostonbek va Masturaxonning qarindosh-urugʻlari, ota-onalarining xursandchiligi cheksiz.
Xolmurodjon aka va Gulchehraxon opa nabiralariga Xadichaxon, Oishaxon, Muhammadziyo va Muhammad Siddiq deya ism qoʻyishdi.
– Oʻgʻlim birdaniga toʻrt nafar farzandli boʻlgani hayotimizdagi eng unutilmas voqea boʻldi, – deydi Xolmurodjon aka. – Yuragimda armon boʻlib qolgan orzuyimni ham ushaltirdi. Men ichki ishlar organiga kirmoqchi boʻlgan vaqtimda onam ogʻir kasal boʻlib qolganligi sabab, sohada xizmatni davom ettira olmaganman. Bugun nuridiydamning egniga forma kiyganini koʻrib, xuddi oʻzim kiygandek ich-ichimdan xursandman. Bugun 9 oylik boʻlgan bir-biridan shirin nabiralarim quvonchimga quvonch qoʻshmoqda.
Chaqaloqlar muddatidan oldin, 7 oylikda dunyoga kelishdi. Gulchehraxon opa endi keliniga yordamchi boʻlishi kerak. Axir toʻrt nafar egizakni katta qilishning oʻzi boʻlmaydi. Bu jarayonda Gulchehraxon opaning yordami katta boʻlmoqda. Shuningdek, chaqaloqlar dunyoga kelgan Respublika perinatal markazi shifokorlari, hududiy poliklinika xodimlari doimiy xabar olib turganligi ham chaqaloqlarning onasiga katta dalda boʻlmoqda.
Safdor Dostonbek Tursunaliyev Toshkent shahar IIBB JTSB Tashkiliy boʻlim kanselyariya katta ish yurituvchisi lavozimida faoliyatini boshlaganiga hali koʻp boʻlmasa-da, oliygohdagi saboqlari, Toshkent shahar arxiv ishi hududiy boshqarmasidagi koʻnikmalari hamda hozirda unga yoʻl-yoʻriq koʻrsatayotgan ustozlari va hamkasblaridan olgan bilimlari asqatib, soha sir-asrorlarini oʻzlashtirmoqda. Uning kelajakdagi orzusi ofitser boʻlib xalqiga sadoqat bilan xizmat qilish va yetuk kadr boʻlib yetishish.
Sarvar SOBIROV,
oʻz muxbirimiz.
Toshkent shahri.
