Har gal gazetaning navbatdagi soni rejalashtirilayotganda bosh muharrir oʻrinbosari muxbirlardan maqolalarni koʻpaytirish zarurligini taʼkidlab, Rahmatilla akaga yuzlanib: «Zaxirada materiallar bormi, «tilla sandigʻi»ngizni ochib, ichidagini soching derdi kulimsirab. Keyin Rahmatilla aka bir dasta maqolalarni stolga qoʻyardi...

Baland boʻyli, keng gavdali, koʻzlari kulib turadigan bu samimiy inson bilan muloqot qilishning oʻziga xos gashti bor. Rahmatilla aka doim ohista, qanday vaziyat boʻlmasin, ovozini koʻtarmasdan, dona-dona qilib gapirar, maqolada bironta kamchilikka yoʻl qoʻygan boʻlsak, erinmasdan har bir muxbirning xonasiga kirib, batafsil tushuntirardi.

Birlashgan tahririyat masʼul kotibi lavozimida ishlab, oʻz kasbining haqiqiy fidoyisi boʻlgan Rahmatilla aka Berdiyev haqida iliq, qiziqarli xotiralar juda koʻp. Bu insonning jonkuyarligi, fidokorligi, bilimdonligi va kamtarligiga koʻpchilik havas qilardi. 

1953-yil Samarqand viloyatida ziyolilar oilasida dunyoga kelgan Rahmatilla Berdiyev oʻquvchilik paytidanoq ilm olishga ishtiyoqi yuqoriligi tufayli koʻp kitob oʻqidi. Bilimga chanqoqligi bois, maktabda yuqori natijalarga erishgan. Faoliyatini 1972-yilda «Yosh gvardiya» teatrida yorituvchi lavozimidan boshlagan 

R. Berdiyev harbiy xizmatdan soʻng Toshkent davlat universitetida tahsil oldi. 1984–2002-yillarda «Kino» Birlashgan tahririyatida katta muharrir, «Oila va jamiyat» gazetasi, «Xoʻjalik va huquq» jurnali hamda «Respublika» gazetasida bosh muharrir oʻrinbosari lavozimlarida samarali mehnat qildi. 2002–2015-yillarda IIV Birlashgan tahririyatida masʼul kotib sifatida nashrlarning rang-barang chiqishiga munosib hissa qoʻshdi.

R. Berdiyevning yuksak maʼnaviyat sohibi ekanligi, odamlarga boʻlgan mehri, tarixni yaxshi bilishi, koʻp kitob mutolaa qilganligi gap-soʻzlarida, yoshlar bilan boʻlgan suhbatlarida yaqqol namoyon boʻlardi. 

Rahmatilla aka qaysi mavzuga yondashmasin, oʻzbekona nigoh, qadriyat va anʼanalarimiz istarasi uning soʻzlaridan balqib turadi goʻyo... Ularning «Fidoyilik formulasi»da aynan shu jihatlar boʻy koʻrsatgan.

Lavhamiz qahramoni turmush oʻrtogʻi Ozoda opa bilan ikki oʻgʻilni oliy maʼlumotli, jamiyatga nafi tegadigan insonlar qilib tarbiyalashdi. Katta oʻgʻli Sherzod «Vertigo production» firmasi rahbari, Behzod esa Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi «Dunyo boʻylab» kanalida rejissyor.

Shirindan-shakar nabiralarning bobosi Rahmatilla aka pensiyaga chiqqan boʻlsa-da, zamon bilan hamnafas qadam tashlamoqda. 

Azizjon FAYZIYEV,

podpolkovnik.