Joriy yilning iyun oyida profilaktika inspektori, leytenant Ravshanbek Aminov Nukus shahrida oʻziga biriktirilgan makon fuqarolar yigʻini hududini aylanishga chiqqan edi. Tungi allamahal boʻlishiga qaramasdan koʻchalardan birida harakatlanib kelayotgan «Damas» avtomashinasiga koʻzi tushadi. Transport vositasining davlat raqamiga qarab uning hududdagi fuqarolarga tegishli emasligini anglab yetgan profilaktika inspektori avtoulovni tekshirib koʻrishga qaror qiladi.

Avtomashina salonini koʻzdan kechirish davomida 14 dona yelim idishlarda boʻlgan jami 700 litrga yaqin solyarkaga oʻx­shash suyuq mahsulot borligi maʼlum boʻladi. Ushbu mahsulot­ga tegishli hujjatlar soʻralganida esa, haydovchi hech qanday hujjat taqdim eta olmaydi.

Inspektor ushbu holat yuzasidan tegishli hujjatlarni rasmiylashtirib, avtotransport vositasini jarima maydonchasiga joylashtiradi. Mazkur jarayonning oʻzidayoq haydovchi profilaktika inspektoriga ishni «bosdi-bosdi» qilish uchun pul taklif qilishni boshlaydi. Leytenant R. Aminov uning taklifi qonunga zid ekanligi, buning uchun qonuniy jazo tayinlanishi haqida ogohlantiradi.

Ammo bu gaplar fuqaroga unchalik taʼsir qilmagan koʻrinadi. Ertasiga u yana haligi «iltimos»ini takrorlab, pul taklif qila boshlaydi. 

Oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida, qonunbuzar fuqaro profilaktika inspektoriga 2 mln soʻm miqdoridagi pullarni pora tariqasida berayotgan paytda ashyoviy dalil bilan qoʻlga olinadi. Mazkur holat tegishli tartibda rasmiylashtirilib, unga nisbatan yana bir jinoyat ishi ochiladi va sud tomonidan tegishli jazo chorasi tayinlanadi.

Azamat PIRNIYAZOV, 

oʻz muxbirimiz.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi.