Urganch shahridagi “Yoshlik” sport majmuasida Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri sovrini uchun “Sogʻlom va barkamol oila” shiori ostida sport musobaqalari va kitobxonlik bellashuvlarining mintaqaviy bosqichi boʻlib oʻtdi. Xorazm viloyati mezbonlik qilgan mazkur bellashuvda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Buxoro, Navoiy hamda Xorazm viloyatlarining 3-sektorlar xududida yashovchi musobaqa gʻoliblari ishtirok etishdi. Sportning “Stol tennisi”, “Quvnoq startlar”, “Shashka”, “Shaxmat” va “Badminton” turlari boʻyicha oʻzaro kuch sinashgan oilaviy jamoalar gʻolib boʻlishga intilishdi. Bellashuvlarda Navoiy viloyati ishtirokchisi Egamovlar oilasiga teng keladigan raqib topilmadi. Ular oʻzlarining epchillik va chaqqonliklarini namoyish etib, musobaqaning mutloq gʻolibi, deb topildi. Xorazmlik Sodiqovlar oilasi 2-oʻrinni, qoraqalpogʻistonlik Otaniyozovlar oilasi esa 3-oʻrinni egallashdi. 

  Musobaqaning “Eng yaxshi maʼnaviy yetuk oila” nominasiyasi boʻyicha oʻtkazilgan bellashuvlar ham unutilmas va hayajonli lahzalarga boy boʻldi. Viloyat axborot resurs markazida tashkil etilgan ushbu musobaqada xorazmlik Karimovlar oilasi “Eng yaxshi maʼnaviy yetuk oila”, deb topildi. Qoraqalpogʻiston Respublikasidan tashrif buyurgan Mambetkarimovlar oilasi 2-oʻringa, navoyilik Kamolovlar oilasi esa 3-oʻringa sazovor boʻlishdi. 

  Bellashuv gʻoliblari diplom hamda qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlanishdi. Shuningdek, ushbu nufuzli tadbirlarning mutloq gʻoliblari boʻlgan Navoiy viloyatidan Egamovlar hamda Xorazm viloyatidan Karimovlar oilasiga Ichki ishlar vaziri sovrini uchun boʻlib oʻtayotgan mazkur sport musobaqalari va kitobxonlik bellashuvlarining respublika bosqichida ishtirok etish uchun yoʻllanmalar berildi.

  Xudoybergan JABBOROV,

  “Postda” muxbiri.

   Xorazm viloyati.