Shu kunlarda Davlatimiz rahbarining topshirigʻi asosida Prezident maslahatchisi Baxtiyor Islamov boshchiligidagi vazirlik va idoralar mutasaddi rahbarlaridan iborat ishchi guruh viloyatda sektorlar faoliyati, “mahallabay” ishlash tizimi, jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish hamda aholini qiynab kelayotgan muammolarni joyida bartaraf etish borasida amalga oshirilgan ishlar axvolini oʻrganmoqda.
Ishchi guruh faoliyatini videokonferensaloqa tarzidagi yigʻilish bilan boshlandi. Yigʻilishda, Ichki ishlar vazirligi ishchi guruhi aʼzolari, viloyat ichki ishlar boshqarmasi masʼul xodimlari va boshqa aloqador tashkilotlardan mutasaddilar ishtirok etdilar. Ishtirokchilarga jamoat xavfsizligi konsepsiyasi mazmun mohiyati tushuntirilib, unda belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar tanqidiy tahlil qilindi. Yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarni oʻrganishlar davomida bartaraf etish yuzasidan aniq chora tadbirlar belgilab olindi.
Shundan soʻng ishchi guruh kichik guruhlarga boʻlingan holda viloyatning barcha shahar-tumanlarida yuqorida berilgan topshiriqlarda kelib chiqib, profilaktik, tezkor-qidiruv, jamoat tartibini saqlash, yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash, aholining ijtimoiy qatlamlariga amaliy yordam koʻrsatish yoʻnalishlaridagi tadbirlarga kirishdilar.
Xususan, Prezident maslahatchisi Baxtiyor Islamov hamda Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari Yahyojon Abdulhaqov Fargʻona shahridagi “Nafosat” mahalla fuqarolar yigʻiniga xizmat koʻrsatuvchi huquq-tartibot maskani, 36-sonli umumtaʼlim maktabi, Koʻzi ojiz va zaif koʻruvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internati va shahar 3-sektor shtabi faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Jumladan, “Nafosat” mahallasida profilaktika inspektori, faollar, yoshlar yetakchisi hamda xokim yordamchilarining hamkorlikda amalga oshirayotgan ishlari tahlil qilindi. Aholi bilan yuzma-yuz muloqotlar qilinib, ularning mavjud muammolari tinglanib, bartaraf etish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berildi.
Maʼlumki, Davlatimiz rahbarining topshirigʻi bilan respublikadagi barcha koʻzi ojiz va zaif koʻruvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatlari Ichki ishlar vazirligi va uning hududiy boshqarmalariga biriktirilgan. Ishchi guruh aʼzolari Fargʻona shahridagi maktab-internatda yaratilgan sharoitlar, oshxona, yotoqxona, oʻquv xonalari, sport zali hamda musiqa toʻgaraklari faoliyati koʻzdan kechirdilar. Oʻzaro muloqotlar jarayonida maktabning moddiy-texnika bazasini yaxshilash, oʻquvchilarni maxsus kiyim-kechaklar bilan taʼminlash borasida takliflar bildirildi. Shuningdek, koʻzi ojiz bolalar uchun breyn yozuvidagi darsliklar va maxsus jihozlar bilan taʼminlanishi kelishib olindi.
Keyingi manzil Margʻilon shahridagi Qashqar mahalla fuqarolar yigʻini boʻldi. Ishchi guruh tomonidan mahalladagi jinoyatchilik ahvoli, kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish, aholi bandligini taʼminlash yoʻnalishlaridagi faoliyat oʻrganildi.
Shundan soʻng Yoshlar yetakchilari bilan uchrashuv tashkil etilib, ushbu lavozimning joriy etilishidan koʻzlangan maqsad, yetakchilarning zimmasiga yuklatilgan asosiy vazifalar haqida soʻz yuritildi. Yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish, kitobxonlikka keng jalb qilish, ular oʻrtasida sport musobaqalari uyushtirish, axborot texnologiyalari va tadbirkorlikka qiziqtirish orqali jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish mumkinligi alohida taʼkidlandi.
Ishchi guruh aʼzolari raqamli texnologiyalar markazidagi toʻgaraklar faoliyati bilan tanishib, u yerda bilim olib, tajriba orttirayotgan iqtidorli yoshlar bilan suhbatlashishdi.
IIV ishchi guruhi aʼzolari tadbirlar doirasida viloyatning shahar-tumanlaridagi kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish maqsadida maxsus tezkor-profilaktik tadbirlar, IIO xodimlari tomonidan xizmat intizomi va qonuniylikka rioya qilinishi hamda aholining ijtimoiy qatlamlariga amaliy yordam koʻrsatish ishlarini olib bormoqda.
Tadbirning birinchi kunida 169 nafar voyaga yetmagan oʻgʻil-qiz taʼlimga qaytarildi, 19 nafar ayolga himoya orderi rasmiylashtirildi. 22 nafar fuqaroning bandligi taʼminlanib, 290 nafar uyushmagan yosh bilan profilaktik suhbatlar oʻtkazildi. Shuningdek, 27 ta jinoiy va 34 ta maʼmuriy holatlar aniqlandi, 9 nafar qidiruvdagi shaxs ushlandi, ochilmasdan qolgan 25 ta jinoyatlar fosh etildi. Yoʻl harakati xavfsizligi yoʻnalishi boʻyicha oʻtkazilgan “Maxsus avtoreyd” tadbiri davomida 2916 ta qoidabuzarliklar aniqlangan boʻlib, shundan 608 tasi qoʻpol qoidabuzarliklar hisoblanadi.
Ishchi guruh Fargʻona viloyatida oʻz faoliyatini davom ettirmoqda.
IIV Axborot xizmati
