«Hayot – eng buyuk muallim», deydi donolar. Yillar, yoʻllar odamni ulgʻaytiradi, saboq beradi, tarbiyalaydi. Pensiyaga chiqayotgan kishi ortga bir nazar tashlab, umr yoʻlini sarhisob qilishi tabiiy. Bunda xatolar ham, yutuqlar ham, hamma-hammasi koʻzga tashlanadi. Ana shunday paytda oʻtgan umridan afsuslanmagan, yaxshi ishlaridan gʻururlangan, farzandlarining baxt-u kamolini koʻrib quvongan kishi eng baxtli odam hisoblanadi.
Oltiariq tumanidagi Yangiarab qishlogʻida yashovchi ichki ishlar organlari faxriysi, isteʼfodagi podpolkovnik Halimjon Adhamov ham ana shunday baxtli insonlardan biridir.
H.Adhamov 1955-yilda Oltiariq tumanida tugʻilgan. Uning otasi Adhamjon hoji halol, vijdonli, toʻgʻrisoʻz, diyonatli odam edi. Shu bois farzandlarini ham halollikka, toʻgʻrisoʻzlikka oʻrgatdi.
– Otam oddiy dehqon boʻlsa-da, tafakkuri keng inson edi, – deya bolaligini xotirlaydi Halimjon Adhamov. – Oilada 11 nafar farzand edik. Otam dalada ertadan kechgacha ishlab, ketmon chopib, peshona teri bilan bizni boqqan. Ota-onamning bergan tarbiyasi meni hayotning juda koʻp sinovlaridan eson-omon olib oʻtdi. Uzoq yil rahbar boʻlib ishlasam ham, birovning qoʻliga qaramadim, boylikka hirs qoʻymadim, nafsimga aldanmadim.
H.Adhamov bolaligidan qatʼiyatli, mehnatsevar, hayot qiyinchiliklariga sabr-bardoshli boʻlib ulgʻaydi. Maktabda yaxshi oʻqib, sport bilan shugʻullandi, jamoat ishlarida faol boʻldi.
U ichki ishlar organlarida xizmat qilishni orzu qilardi. Harbiy xizmatdan qaytgach, ana shu orzusi amalga oshdi. 1976-yili Oltiariq tumani IIBda oddiy xodim sifatida ish boshladi.
Lavhamiz qahramoni oʻz oldiga ulkan maqsadlarni qoʻygandi. Shu sababli 1979-yilda Toshkent oʻrta-maxsus militsiya maktabiga oʻqishga kirdi. Uni muvaffaqiyatli tamomlab, leytenant maxsus unvoni bilan Fargʻona shahriga ishga keldi. Dastlab profilaktika inspektori boʻlib xizmat qildi. Fargʻona shahri markazida, eng gavjum hududda ishlab, tajriba toʻpladi. Keyinchalik profilaktika boʻlinmasiga boshliq boʻldi. Xizmat bilan bir paytda Fargʻona davlat universitetining tarix, keyin huquqshunoslik fakultetida sirtdan tahsil olib, oʻz bilimini muttasil oshirib bordi.
1991-yil iyul oyida uni oʻzi tugʻilib oʻsgan joy – Oltiariq tumani IIB boshligʻiga birinchi oʻrinbosar qilib tayinlashdi. Halimjon Adhamov shaxsiy tarkibni yagona maqsad yoʻlida birlashtirib, jinoiy guruhlarga qarshi ayovsiz kurash olib bordi. Natijada jinoyatchilikning payi qirqila boshladi. Kriminogen vaziyat asta-sekin iziga tushdi.
1996-yilda qahramonimiz viloyat Ichki ishlar boshqarmasiga ishga oʻtdi. Keyinchalik Fargʻona shahridagi 1-militsiya boʻlinmasiga boshliq qilib tayinlandi. Namangan viloyatining Mingbuloq va Pop tumanlari IIBda boʻlim boshligʻi lavozimida xizmat qildi. 2006-yilda shogirdlari va hamkasblari ehtiromida pensiyaga chiqdi.
Oʻttiz yildan ziyod umrini el-yurt osoyishtaligini taʼminlashga bagʻishlagan Halimjon Adhamov turmush oʻrtogʻi Sharofatxon bilan totuvlikda 4 nafar farzandni tarbiyalab, voyaga yetkazdi. Ayni kunda ular 12 nafar nabiraning sevimli bobosi va buvisiga aylangan.
Halimjon otaning toʻngʻich farzandi, polkovnik Ahrorjon Adhamov ota izidan bordi. U ayni paytda Ichki ishlar vazirligi Tezkor-qidiruv xizmati boshligʻining oʻrinbosari – Jinoyat qidiruv xizmati boshligʻi lavozimida faoliyat koʻrsatmoqda.
Isteʼfodagi podpolkovnik Halimjon Adhamov pensiyaga chiqqach, «Adham hoji» fermer xoʻjaligini tashkil etdi. Fermer xoʻjaligi ayni kunda paxta va gʻalla yetishtirib, mamlakatimiz taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshyapti. Ikki oʻgʻli ana shu xoʻjalik ishini yuritishmoqda. Halimjon Adhamov esa ularga bosh-qosh boʻlib, maslahat va yoʻl-yoʻriq koʻrsatib kelyapti.
Abduvosit SIDIQOV,
oʻz muxbirimiz.
Fargʻona viloyati.