– Ijaraga qurilish anjomlarini berarkansiz. Shunga qoʻngʻiroq qilgandim, – dedi notanish ayol salom-alikdan soʻng, yoqimli, ayni paytda oʻta jiddiy ohangda va oʻzini «Izzakon smart group MChJ rahbari Gulsevar Karimova» deb tanishtirdi.
– Singlim, har kim oʻz ishini qilgani yaxshi. Siz qurilishni qayerdan ham tushunasiz. Yana firma ochib olganman, deysiz. Hozir ancha-muncha yigitlar eplolmaydi bu ishni, sizga yoʻl boʻlsin, – dedi Abbos sheriklariga koʻz qisib.
Telefonning narigi tomonidan keskin javob kelmadi. Aksincha, ayol Abbosning ulfatlari bilan miriqib kulishiga qoʻyib berdi. Soʻng:
– Bugungi erkaklar ichkilikdan boshqasini bilmasa, ayb bizda emas, mullo aka. Yana kimdir savob ish ham qilib turishi kerak. Bunday mard erkaklar anqoning urugʻi boʻlayotgan boʻlsa, biz kabi... – Gulsevar ataylab gapini uzib qoʻydi.
Abbosga shuning oʻzi yetarli boʻldi. U doʻstlariga «Sizlar ovqat buyuraveringlar», deb, nariroqqa ketdi. Keyin ayoldan qanaqa savob ish qilayotganini surishtirdi. Gulsevar masjid qurilishi boʻyicha buyurtmani firmasi olganligini aytdi. Abbos «Taka boʻlsin, sut bersin» qabilida ish tutib, darrov nimalar kerakligini surishtirdi. Gulsevar 60 komplekt qurilish narvoni, 40 dona opalubka (beton quyish uchun qolip), 4 dona sement qorish uchun moʻljallangan kareta hamda 56 dona taxta olmoqchiligini aytdi. Shunda Abbos «Uyga boravering, yangangiz bilan kelishib, hisob-kitob qilasiz. Men uzoqroqda edim», – dedi.
Gulsevar aytilgan manzilga borib, Jamilaga Abbos bilan qoʻngʻiroqlashganini, barcha hisob-kitoblarni oʻzi amalga oshirishi lozimligini aytdi. Shunday qilib, G.Karimova dastlabki toʻlov sifatida 300 AQSH dollari va garov tariqasida shaxsiy guvohnomasini qoldirdi. Shuningdek, kelishuvga koʻra har 10 kunda ijara pullarini naqd toʻlashga vaʼda berdi. Soʻng «Isuzu» rusumli yuk avtomashinasiga qurilish anjomlarini yuklatdi.
Jamila negadir Gulsevardan shubhalandi. Shu bois oʻgʻlining mashinasida «tadbirkor» ayolning ortidan kuzatib bordi. Gulsevar yuklarni Navoiy shahrida joylashgan avtobazaga kiritdi. «Poyloqchilar» esa unga ishonch hosil qilgach, shu yerdan izlariga qaytishdi.
Oradan ikki kun oʻtgach, Gulsevar yana Jamila bilan uchrashdi. U olib ketgan anjomlar yetmaganini aytib, yana 42 dona opalubka, 60 dona qurilish narvoni, 240 dona metall qoziq olib, bu haqda tilxat yozib berdi. Tilxatga qurilish anjomlari sinsa yoki yoʻqolsa, toʻlab berish shartini ham kiritdi. Ushbu anjomlar uchun har kuni 537 ming soʻmdan toʻlashini kelishib olishdi.
Hash-pash deguncha oradan 10 kun ham oʻtdi. Ammo puldan darak yoʻq edi. Jamila Gulsevarga qoʻngʻiroq qilib, ijara pulini soʻradi. G.Karimova esa erta-indin firmasi hisobiga pul tushishini, shundan soʻng yaqin kunlarda ijara haqini keltirib berishini aytdi. Gulsevar toʻlov muddatini yana bir necha marta orqaga suraverganidan keyin, «Bu yerga bir gap bor, yana chuv tushmadikmi?» degan xavotirda Abbos xotini bilan Navoiy shahriga yoʻl oldi. Ular Gulsevar qurilish anjomlarini tushirgan bazaga borishdi. Baza qorovuli G.Karimova qurilish anjomlarini bu yerga vaqtinchalik olib kirib tushirganini, biroz vaqt oʻtgach qaytib olib chiqib ketganini aytdi. Bundan gʻazablangan Abbos xotiniga:
– Darrov unga qoʻngʻiroq qil! – deb oʻshqirdi.
Jamilaning qoʻngʻirogʻini Gulsevar hartugul qabul qildi.
– Biz bazaga keldik. Baza seniki emas ekan-ku? – dedi Jamila Gulsevarga sansirab.
– Bazaga vaqtinchalik qoʻygandik. Keyin ishlatish uchun olib ketgan edik, – deya G.Karimova yolgʻon-yashiqlarni qatorlashtirib tashladi va qoʻshib qoʻydi. – Uch kun ichida ijara pulini toʻliq yetkazaman. Ishimiz oz qoldi, balki anjomlarni ham birga yetkazarman.
Aslida esa G.Karimova salkam 218 million 450 ming soʻmlik qurilish anjomlarini bazadan olib chiqqach, yuk mashinasiga ortib, Samarqand viloyatida joylashgan metall buyumalar bozoriga olib borib, arzon garovga – 38 million soʻmga pullagan edi. «Beli ogʻrimaganni non yeyishini koʻr» deganlari shu boʻlsa kerak-da...
Alaloqibat, pichoq suyakka qadalib, sabr kosasi toʻlgach, jabrdiydalar Gʻijduvon tumani IIBga Gulsevar Karimovaning qilmishi yuzasidan murojaat qilishdi. Firibgar qoʻlga olindi. Tuman IIB huzuridagi Tergov boʻlimi surishtiruvchisi, mayor Shuhrat Qozoqov ushbu holat yuzasidan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishiga oid dastlabki surishtiruv ishlarini olib bordi. Buni qarangki, G.Karimova hali oʻttiz yoshga ham kirmay, ikki marotaba – oʻgʻrilik va firibgarlik jinoyatlari boʻyicha sudlangan, hatto ozodlikdan mahrum etilish jazosini ham oʻtagan ekan. Biroq bundan toʻgʻri xulosa chiqarmagan.
– Olib borilgan tergov harakatlari davomida G.Karimova oʻtgan yili vobkentlik yana bir tadbirkordan Navoiy shahrida bolalar bogʻchasi qurayotganligini aytib, 77 million soʻmlik 100 komplekt temir narvonni vaqtincha ijaraga olib, donasi uchun kuniga 2 ming soʻmdan berishga kelishadi. Lekin qurilish anjomlarini koʻtarasiga sotib yuborgan. Bir yil davomida tadbirkorni aldab, katta vaʼdalar berib kelayotgan ekan, – deydi mayor Sh. Qozoqov.
Shunday qilib, sud majlisida mazkur jinoyat har tomonlama oʻrganib chiqildi. Natijada G.Karimovaga qoʻyilgan ayblar oʻz isbotini topdi. Jinoyatga yarasha jazo tayinlandi. Bunda sudlanuvchining muqaddam sodir etgan qilmishlaridan tegishli xulosa chiqarmaganligi hisobga olindi. Shuningdek, hukm qonuniy kuchga kirgach, jabrlanuvchilarga yetkazilgan zarar firibgar ayoldan undiriladigan boʻldi.
Mirzoqul AHADOV,
oʻz muxbirimiz.
Buxoro viloyati.
