Toshkentning qadimiy goʻshalaridan biri — «Beshqayragʻoch» mahallasiga kirib borishimiz bilanoq qalbimizga iliqlik indi. Fayzli koʻchalar, saranjom hovlilar, eshik oldida suhbat qurib oʻtirgan nuroniylar — bu goʻshada oʻzbekona muhitning barcha jihatlari mujassam edi. Odamlari ham ochiqkoʻngil, samimiy.
— Kechirasiz, Meliboy otaning xonadonlari qaysi tomonda? — deb soʻradik yoʻl-yoʻlakay uchraganlardan.
— Toʻgʻri kelyapsizlar, — dedi ulardan biri. — Shu koʻchaning boshida, masjid bilan yonma-yon.
Xonadonga yetib borganimizda, ostonada Uchtepa tumani IIOFMB boshligʻi oʻrinbosari, podpolkovnik Sharapat Qudiyarov bilan yuzma-yuz keldik.
— Ustozdan tez-tez xabar olib turamiz, maslahatlarini eshitamiz, — dedi u kishi. — Bugun ham duolarini olib ketay degandim.
hovlidan biz tomonga dadil qadamlar bilan bir kishi kela boshladi. Bu — 95 yoshli Meliboy ota edi. Bir qarashda¸ hayratda holdim: u kishi men tasavvur qilgandek keksa, harakatlari sust otaxon emas, aksincha, bardam, qomati tik, koʻzlari chaqnab turgan, gʻayrat-shijoatga toʻla inson edi. Suhbatimiz hovlidagi soʻrida, bir piyola choy ustida boshlandi. Tabiiyki, ilk savolim shu boʻldi:
— Otaxon, shu yoshda ham bunday tetik va sogʻlom yurishingizning siri nimada?
— Har kuni ertalab soat beshda uygʻonaman, — deydi Meliboy ota. — Soʻng kamida yarim soat mashq qilaman. Tanani harakatda ushlash kerak. Ovqatlanish ham meʼyorida, tartib bilan boʻlishi shart.
U kishi gapirar ekan, nigohim hovlining bir chekkasidagi oddiy, ammo tartibli qilib jihozlangan sport burchagiga tushdi. U yerda turnik, boks qopi, qoʻlqoplar bor edi…
— yoshingiz yuzga yaqinlashib qolibdi, — dedim ehtirom bilan. — Ortga nazar tashlasangiz, nimalar yodingizga tushadi?
— Bolaligim... juda ogʻir oʻtgan...
Bu ikki ogʻiz soʻz ortida butun bir davrning alamli haqiqati mujassam edi. Urush yillari. Ocharchilik. Yetimlik. Toʻqqiz nafar farzandli oila.
— Bahorgacha och oʻtirardik, — deydi u. — Besh-olti dona mayizga ham qanoat qilgan kunlarimiz boʻlgan. Bahor kelganda qoʻy suti — eng katta neʼmat. Ammo uni ham bemalol ichish nasib qilmasdi: sutdan tayyorlangan mahsulotlar frontga yuborilardi.
Urush yillari bir oiladan ham otasi, ham katta akasi urushga ketadi. Jang maydonlaridan omon qaytgan aka paxta dalalarida zaharlanib, hayotdan bevaqt koʻz yumadi. Uning ortidan bir yilda yana uch inson: kelinoyisi, onasi va otasi ham birin-ketin bu yorugʻ olamni tark etishadi. Shu tariqa Meliboy otaning bolaligi bir zumda kattalikka aylanadi. Biroq shu qiyinchiliklarga qaramay u kishining koʻnglida bir orzu bor edi — oʻqish.
— Ilmga qiziqardim, — deydi otaxon. — Daftarni quchoqlab maktabga borardim. Egnimda — qoʻlda toʻqilgan, oddiy bir koʻylak — yagona kiyim. Bir kuni u ham yirtildi. oʻqituvchim buni koʻrib, yelkamga yengilgina qoqib, «sen odam boʻlasan», dedi. Balki, oʻsha oddiy soʻz bola qalbimda bir umrlik ishonchni uygʻotgandir.
Darhaqiqat, hayot sinovlari Meliboy otani erta ulgʻaytirgan edi.
U maktabni tamomlab, koʻp oʻtmay muddatli harbiy xizmatga joʻnaydi. Armiya safidan qaytgach, ustozining tavsiyasi bilan poytaxtga yoʻl oladi. Uning maqsadi — Militsiya maktabida oʻqish edi.
— Joy yoʻq. Oʻrinlar toʻlgan, — deydi kadrlar boʻlimi boshligʻi qisqa qilib.
Meliboy ota esa ikkilanmay Ichki ishlar vaziri qabuliga kiradi. yosh yigitning koʻzlaridagi ishonch va soʻzlaridagi qatʼiyat vazirni befarq qoldirmaydi. Natijada u Militsiya maktabiga qabul qilinadi. Oʻqishni bitirgach, uni Surxondaryoga — Termizga yoʻllashdi. Shu yerda u uchastka noziri sifatida ish boshladi.
— Uch yarim yil ishladim, — deydi u kishi. — Lekin ish ogʻir edi. Bir kuni Toshkentdan tekshiruv bilan kelgan polkovnik sabab vaziyat oʻzgaradi.
Aynan shu inson sabab u xizmatni poytaxtda davom ettiradi, bolalar koloniyasiga tarbiyachi qilib tayinlanadi. Keyin esa uchastka inspektori lavozimida faoliyatini davom ettiradi. Yillar oʻtib, u boy tajriba toʻplagan, hurmat qozongan katta inspektorga aylanadi.
Oʻttiz yil bir tizimda ishlash. Insonlar taqdiriga daxldor boʻlgan, tinchlik-osoyishtalik uchun bagʻishlangan umr. Oʻtgan yillar ichida uning shaxsiy hayotida ham sinovlar kam boʻlmadi. Oila qurdi. Bir oʻgʻil farzandli boʻldi. Ammo taqdir yana ayamadi — turmush oʻrtogʻi ogʻir xastalik sabab bevaqt olamdan oʻtdi. U dardini ichiga yutib, yana hayot yoʻlini davom ettirdi. Har qancha qiyinchilik boʻlmasin, ortga qaytmadi. Sinish oʻrniga, yanada toblandi.
Oradan yillar oʻtib, u hayotini Munira ismli ayol bilan bogʻladi. Bu oilada toʻrt oʻgʻil va bir qiz dunyoga kelib, uning umriga yangi maʼno va baxt bagʻishladi.
Meliboy ota xizmat faoliyati davomida erishgan yutuqlari haqida koʻp gapirishni xush koʻrmaydi.
— Qilgan ishni sanab oʻtirish shart emas, — deydi u kishi. — Asosiysi, halol xizmat qilish.
Ammo suhbat davomida ayrim voqealar oʻz-oʻzidan ochilib borardi. Shulardan biri uzoq vaqt sir boʻlib qolgan ogʻir jinoyat edi.
— «Yaponets» laqabli bir shaxs qoʻlga tushdi, — deb eslaydi u. — Surishtiruv davomida uning avvalgi jinoyatlari ham ochila boshladi. Oʻsha yillarda Toshkent atrofida koreys millatiga mansub mashhur tabib faoliyat yuritardi. Bir yigit onasini davolatish uchun shu yerga keladi. Uzun navbatni, odamlar oqimini koʻrib, xayoliga shunday fikr keladi: «Tabibda katta pul bor». Shu fikr asta-sekin niyatga, niyat esa jinoyatga aylanadi. U sheriklar topadi. Reja tuzadi. Oxir-oqibat qotillik sodir etiladi. Tabib oʻldiriladi. Uning rafiqasi ogʻir jarohatlanadi. Jinoyatchilar esa izsiz gʻoyib boʻladi. Bu ish uzoq vaqt ochilmaydi. Shuning uchun vazirlik nazoratiga olinadi. Meliboy ota «Yaponets»ni soʻroq qilish jarayonida tabibni aynan shu shaxs oʻldirganligini isbotlaydi.
U uzoq yillar Uchtepa tumani Iibda xizmat qilib, izzat-ikrom bilan pensiyaga chiqqan. Rahmatli umr yoʻldoshi Munira aya bilan qariyb 55 yil birga umr kechirishgan.
Ha, lavhamiz qahramonining umri izsiz oʻtmagan. Mehribonlik, talabchanlik va beqiyos tajriba sohibi sifatida u hali ham jamoat ishlarida faol, yoshlarga ibrat boʻlib kelmoqda. Otaxonning hayotga boʻlgan muhabbati shuni anglatadiki, uning qalbi hanuz yosh, hanuz sergʻayrat.
Adolat FAYZIYEVA,
oʻz muxbirimiz.
Abu KENJAYEV olgan suratlar.
Toshkent shahri.
