Isteʼfodagi podpolkovnik Feruza Qayumova 22 yillik xizmat faoliyati mobaynida zimmasidagi vazifalarga masʼuliyati, kasbga sadoqati bilan egnidagi libosiga aslo dogʻ tushirmagan va hamkasblarining hurmatiga sazovor boʻlgan fidoyi ayollardan biri. U xizmat faoliyatining salmoqli qismini jazoni ijro etish muassasalarida olib borgan. 

Keyinchalik u Konimex tumani IIBda xotin-qizlar masalalari boʻyicha katta inspektor lavozimida xizmat olib bordi. Bu yoʻnalishda nafaqat hujjatlar bilan, balki insonlar taqdiri bilan ishladi. Oilaviy muammolarni hal qilishda, tazyiq va zoʻravonlik ostida qolgan ayollar bilan muloqot qilishda mehr, qatʼiyat va ishonchni birdek namoyon eta oldi. Koʻplab murojaatlarga yechim topib, necha taqdirlarni ijobiy tomonga oʻzgartirdi.

Aytgancha, Feruza Qayumova oliy taʼlim muassasasini yakunlagan kezlarida bir muddat pedagoglik faoliyati bilan ham shugʻullangan. Taʼlim tizimida soʻz bilan taʼsir qilish, tushuntirish va tarbiyalash borasida orttirgan tajribasi ichki ishlar organlaridagi xizmat jarayonida uning muhim ustunliklaridan biriga aylandi desak, mubolagʻa boʻlmaydi. 

– Konimex tumanida xizmat olib borayotgan vaqtimda bir yosh oilaning taqdiri meni qattiq tashvishlantirgan, – deydi lavhamiz qahramoni. – Aslida bir mahallalik yigit-qiz sevishib turmush qurishgan. Biroq ikkinchi farzandi tugʻilgach, ayol erining topganiga qanoat qilmay, tez-tez janjal chiqaradigan boʻlgan. Kunlarning birida arzimagan narsaga eri bilan tortishib, ikki bolasini olganicha ota-onasining uyiga ketib qolgan. Bundan xabar topgach, ularni yarashtirishga kirishdik. Qaysar ayol esa hech unamadi. Shunda koʻp yillik faoliyatim davomida koʻrgan-kechirganlarimni, insonlar taqdirini birin-ketin aytib berdim. Unga turmush oʻrtogʻi faqat oilasi, roʻzgʻori uchun harakat qilayotganini, sabr va qanoatli boʻlish baxt olib kelishini tushuntirdim. Gaplarimni tinglagan ayol qarshimda ancha vaqt boshini egib, mulohazaga choʻmdi. Keyinchalik oʻz qilmishidan afsuslanib, kechirim soʻrab, oilasiga qaytdi. Hozirgacha u bilan qadrdon opa-singilmiz. Telefon orqali suhbatlashib, kezi kelganida huquqiy masalalarda maslahatlar beraman.

Bugun Feruza Qayumovaning sharafli yoʻlini uning oʻgʻli – leytenant Aziz Qayumov davom ettirmoqda. Lavhamiz qahramoni jonkuyar ona, oʻz oʻrnida faxriy xodim sifatida sohaga oid bilimlarini farzandidan ayamaydi. Zarur vaqtda maslahat berib, yoʻl-yoʻriq koʻrsatadi. 

Fidoyi xodima ayni paytda pensiyada boʻlsa-da, izlanishdan toʻxtagani yoʻq. Boʻsh vaqtida tikish-bichish bilan shugʻullanadi. oʻz qoʻli bilan tikkan har bir buyumga mehr qoʻshadi. Bu mashgʻulot uni ruhan tinchlantiradi, sabr va nafosatni uygʻunlashtirib, yangidan-yangi ijod qilishga undaydi. 

Mahliyo XOLOVA, 

oʻz muxbirimiz. 

Navoiy viloyati.