Asli Toshkent viloyatida tugʻilgan Abdulaziz Saliyev bolalikdan biror ishga qoʻl ursa, yakuniga yetkazmaguncha qoʻymasdi. Uning tirishqoqligiga tengdoshlari havas qilishardi. Lavhamiz qahramoni IIV Toshkent oliy harbiy-texnika bilim yurtini muvaffaqiyatli bitirgach, 7534-harbiy qismda guruh komandiri, vzvod komandirining tarbiyaviy ishlar boʻyicha oʻrinbosari,
vzvod komandiri, batalyon
shtabi boshligʻining nazoratchilar xizmati boʻyicha oʻrinbosari, 7533-harbiy qismda 1-oʻqchi batalyon komandiri lavozimlarida samarali xizmat qildi.
2017-yildan faoliyatini Navoiy viloyatidagi 7532-harbiy qism komandirining birinchi oʻrinbosari – shtab boshligʻi sifatida davom ettirgan lavhamiz qahramoni ayni paytda Zarafshon shahridagi 7551-harbiy qism komandiri lavozimida xizmat olib bormoqda. Amaldagi qonunchilik va Umumharbiy nizomlarga muvofiq ish koʻrishi, yuksak komandirlik salohiyati tufayli qoʻl ostidagi harbiy xizmatchilari orasida obroʻ-eʼtibor qozondi. Yillar davomida toʻplagan boy tajribasi va bilimlarini ofitserlarga qunt bilan oʻrgatadi.
Shaxsiy tarkib oʻrtasida harbiy intizom va qonuniylikni mustahkamlash hamisha uning diqqat markazida. Harbiy xizmatchilarning kasbiy tayyorgarligi va jangovar shayligini oshirishga alohida eʼtibor qaratib kelyapti. Bunda oʻquv mashgʻulotlari va mashqlarining yuqori saviyada tashkil etilayotgani muhim omil boʻlmoqda.
Harbiy qismda qisqa vaqt ichida Madaniyat markazi barpo etildi. Undan maʼnaviyat va maʼrifat xonasi, vatanparvarlik burchagi, oʻquv zali, kutubxona, psixologik trening xonasi oʻrin olgan. Bundan tashqari, harbiy xizmatchilar uchun moʻljallangan yotoqxonalar, maishiy xizmat koʻrsatish xonalari toʻliq taʼmirlandi. 300 kishiga moʻljallangan askarlar oshxonasi yangidan qurilib, foydalanishga topshirildi.
– Askarlar uchun yashash sharoitlarni yaxshilash borasida amalga oshirgan ishlarimiz kelgusida ularning xizmat samaradorligi yanada oshishida muhim omil boʻlishi shubhasiz. Qolaversa, askarlarning ota-onalari ham farzandlarini koʻrgani kelishganida yaratilgan qulayliklarni koʻrib mamnun boʻlishyapti, – deydi polkovnik Abdulaziz Saliyev.
Mahliyo XOLOVA,
oʻz muxbirimiz.
Navoiy viloyati.
