Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining topshirigʻiga asosan, jinoyatchilikni “mahallabay” jilovlash hamda ichki ishlar organlarining quyi tizimlariga amaliy yordam koʻrsatish maqsadida, Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Poʻlat Bobojonov boshchiligidagi ishchi guruh Surxondaryo viloyatida oʻz faoliyatini boshlaganligi boʻyicha xabar bergan edik.

Vazirlik ishchi guruhi viloyatning har-bir shahar-tumanlarida boʻlib, mahallalarni jinoyatdan holi, namunali va xavfsiz hududga aylantirish boʻyicha oʻrganishlar olib bormoqda. Bu borada yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar bartaraf etilib, xodimlarning xizmat olib borish va yashash sharoitlari yaxshilanmoqda.

Ichki ishlar Vaziri Sariosiyo tumanida amalga oshirilgan ishlarni koʻzdan kechirish chogʻida, tuman hududida qayta rekonstruktsiya qilingan 1-sonli Ichki ishlar boʻlinmasi maʼmuriy binosining ochilish marosimida ishtirok etib, soʻzga chiqdi. Vazir Sariosiyo aholisini kirib kelayotgan 8-dekabr – Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bilan samimiy tabrikladi va hozirgi kunda Oʻzbekiston Respublikasida olib borilayotgan islohotlar haqida toʻxtalib oʻtdi.

Shundan soʻng, Sariosiyolik 56 ming nafar fuqarolarning uzogʻini-yaqin, ogʻirini-yengil qilishga xizmat qiluvchi, 17 ta mahallani qamrab oluvchi, Sariosiyo tuman 1-sonli Ichki ishlar boʻlinmasining ramziy tasmalarini kesishdi.

Mazkur boʻlinmada, boʻlinma boshligʻi, Huquqbuzarliklar profilaktikasi, Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish inspektorlari hamda tezkor xizmat xodimlari hududda jinoyatchilikning oldini olish borasida xizmat olib borishadi.

Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Poʻlat Bobojonov ochilish marosimidan soʻng, Ichki ishlar organlarida koʻp yillar fidoiylik bilan xizmat qilgan isteʼfodagi podpolkovnik Salom Qosimov bilan dildan suhbat qilib, ustoz-shogird anʼanasini davom ettirgan holda, oʻz tajriba va maslahatlarini tizimdagi yosh xodimlarga oʻrtoqlashayotganligi uchun minnatdorlik bildirdi. Mehmonlar Sariosiyo tuman Ichki ishlar boʻlimidagi kapital taʼmirdan chiqqandan keyingi holati hamda fuqarolar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishishdi.

Surxondaryoda IIV ishchi guruhi oʻrganishlari davom etmoqda.


IIV Axborot xizmati