Keyingi paytlarda sodir etilayotgan aksariyat ogʻir turdagi jinoyatlar spirtli ichimlik taʼsirida yuz berayotgani koʻpchilikni tashvishga solmoqda. Eng yomoni, sarxushlikda sodir etilayotgan bunday jinoyatlar oxiri ayanchli yakun topmoqda. Joriy yilning 18 iyulʼ kuni Yakkabogʻ tumani “Obod” MFYda yashovchi ikki fuqaroning janjaliga ham spirtli ichimlik sabab boʻldi.
Yakkabogʻ tuman hokimligida mazkur jinoyat muhokamasiga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi. Unda viloyat IIB, tumandagi toʻrtta sektor rahbarlari va mahalla beshligi hamda faollari ishtirok etishdi.
Maʼlum boʻlishicha, tumanning “Obod” mahalla fuqarolar yigʻini hududida yashovchi fuqarolar M.J. va Y.N. birga spirtli ichimlik isteʼmol qilib, oʻzaro janjallashib qolishadi. Atrofdagi fuqarolar ularni ajratib, uyiga joʻnatib yuborishadi.
Shu kuni soat 21:00 larda Y.N. uyiga kelib, oshxona pichogʻini olib, alam ustida mahalladoshi M.J.ning uyiga boradi. Hovlida yurgan M.J. unga peshvoz chiqqanda Y.N. uning tanasiga bir necha marta pichoq uradi...
Muhokamada bu fuqarolarning hech qaerda ishlamasligi, spirtli ichimlikka mukkasidan ketganligi taʼkidlandi. Aynan shu omillar jinoyatning yuzaga kelishiga sababchi boʻlgani qayd etildi.
Bundan keyin bu turdagi jinoyatlarning oldini olish uchun mahalla faollari “fuqarobay” va “xonadonbay” ishlashni yanada jonlantirishi, vaqtida profilaktik ishlarni amalga oshirib, ularning bandligini taʼminlashi ishtirokchilarga tushuntirildi.
Sodiq Rahimov,
“Postda” muxbiri.
Qashqadaryo viloyati.
