Sherzod (ism-shariflar oʻzgartirildi)ga ota-onasi yaxshi niyatlar bilan «Lacetti» avtomashinasini olib berdi. Yosh yigitcha ertadan kechgacha oʻrtoqlari bilan «toychogʻida» shahar aylanib, kunlarini tarallabedod oʻtkazishga oʻrgandi. Ota-onasiga esa ishlayapman, deb turli bahonalarni oʻylab topib, aldab yurdi. Kunlardan bir kun ota-onasi Yashnobod tumani IIOFMBga chaqirtirilganidagina farzandi nima ishlar qilib yurganidan xabar topishdi. Avvaliga ishonishmadi. Lekin daliliy ashyolarni inkor qilib boʻlmaydi.
...Sherzod tanishi Ibrohim bilan jinoiy til biriktirib, tungi soat 01:30 larda Chilonzor tumanida izgʻib yurishadi.
J. Sadinovga tegishli boʻlgan, qarovsiz qoldirilgan «Lacetti» avtomashinasining salkam 2 million soʻmlik ikkita gʻildiragini oʻz uskunasi yordamida yechib olishib, mashinasiga ortib juftakni rostlashadi. Oradan ikki-uch kun oʻtib, tungi soat taxminan ikkilarda Yashnobod tumani Xovos koʻchasida
Sh. Boymirovga tegishli «Sobalt» avtomashinasining 4 dona gʻildiragini diskalari bilan oʻmarib ketishadi. Ular «oshigʻi olchi» boʻlayotganidan ruhlanib, Yashnobod tumani Fargʻona yoʻli koʻchasida qarovsiz qoldirilgan «Lacetti»ning 600 AQSH dollarilik 2 dona gʻildiragini diskalari bilan
yechib olib, «quyonning rasmini chizadi».
Jinoyat ishlari boʻyicha Yashnobod tumani sudi ochiq sud majlisida Sherzod va Ibrohimlarning qilmishlari koʻrib chiqilib, muqaddam sudlanmaganligi, qilgan ishidan pushaymonligi, yetkazilgan zararning qoplanganligini inobatga olgan holda, har ikkisiga 2 yil-u 6 oyga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
«Sayoq yursang, tayoq yersan» deganlari shu boʻlsa kerak-da. Ota-ona tomonidan oʻz vaqtida nazoratga olinmagan, erka va tantiq farzandlar pul topish uchun egri yoʻldan ketishdi. Bu holat koʻplab ana shunday ota-onalar uchun ogohlik qoʻngʻirogʻi boʻlishi kerak.
Ilhom TURSUNOV,
mayor.
Toshkent shahri.
