Bu kabi ulkan daraxtlar nafaqat Oʻzbekistonda, balki xorijda ham kamdan-kam uchraydigan holat ekan, – deydi shu mahallada yashovchi Zaynobiddin Saidmurodov. – Shu bois keyingi paytlarda sadani koʻrgani keladigan sayyohlar soni ortib bormoqda. Soʻnggi kunlarda Yaponiya, Shveysariya, Hindiston, Rossiya, Yangi Zelandiya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Tojikistondan mehmonlar kelishdi. U haqdagi maʼlumotlar barchani birdek qiziqtirmoqda.
Emanlar oilasiga mansub ushbu daraxt sershoxligi va sersoyaligi bilan ahamiyatlidir. Shu bois yomgʻir yoqqan paytlarda ham, uning osti nam boʻlmaydi.
– Bu daraxt qatʼiy nazoratimizga olingan, – deydi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi Andijon viloyati boshqarmasi masʼul xodimi Lochinbek Isomiddinov. – Vaqti-vaqti bilan uning shoxlarini oziqlantirish, turli kasalliklardan himoya qilish, agrotexnik tadbirlarni tashkil etish ishlari olib borilmoqda.
Bugungi kunda havo harorati keskin koʻtarilib ketmoqda. Ana shunday paytda sada daraxti ostida tin olish tanangizni tetiklashtiradi. Ayniqsa, uning ostidan oqib oʻtuvchi ariqdagi suv barcha charchoqlaringizni aritadi.
– Bu daraxt haqida oʻtgan yili ijtimoiy tarmoq orqali oʻqigan edim – deydi Qirgʻiz Respublikasining Jalolobod viloyati Suzoq tumanidan kelgan Ulugʻbek Abdurayimov. – Bugun uni koʻrib koʻzim quvnayapti. Ona tabiatga boʻlgan munosabat oʻzligimizga, insoniyligimizga boʻlgan munosabat, deb bilaman. Biz farzandlarimizga musaffo hayotni meros qoldirish uchun uni oʻz qoʻlimiz bilan yaratishimiz kerak. Sada daraxti ostida shu fikr xayolimga keldi. Qishlogʻimga borgach, men ham mahallamga shu daraxt koʻchatini ekishga qaror qildim.
Saminjon HUSANZODA,
oʻz muxbirimiz.
Andijon viloyati.
