Sayyohning holatini shu onda tasavvur etish oson emas. Axir, besh yashar qizchasi salkam ikki soatdan beri qayerda boʻlishi mumkin? Holi ne kechdi ekan? Azbaroyi asabiylashganidan boshi gʻuvullab, qon bosimi oshib, koʻzi tinib, turgan joyida oʻtirib qoldi. 

– Nima boʻldi sizga? 

Shu yaqinda xizmat oʻtayotgan ichki ishlar organi xodimi yoniga kelib, erkakdan hol soʻradi. Osoyishtalik posboniga koʻzi tushgach, u sal xotirjam tortib, xuddi najotkorini topgandek, tezda boʻlgan voqeani aytib berdi. 

Maʼlum boʻlishicha, oila aʼzolari bilan Buxoroi sharifga kelgan samarqandlik bu sayyoh qizim xotinim bilan qoldi, deb oʻylagan, ayoli esa otasi bilan ketdi, deb eʼtibor bermagan. Oʻrtada qizaloq qarovsiz qolgan. Xodim sayyohga: «Xavotirlanmang, qizingiz hamkasbimning yonida. Yaqinda bu haqda menga maʼlum qilgandi», dedi. 

– Xizmat hududimni aylanib yurganimda, bir qizcha yigʻlab oʻtirganini koʻrib qoldim. Ota-onasini yoʻqotib qoʻygan ekan, – deydi viloyat IIB XTTB Jamoat tartibini saqlash guruhi inspektori, katta leytenant Zarina Samandarova biz bilan suhbatda. — Bu haqda rahbariyatga bildirib, qizchani viloyat IIB HPB Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam koʻrsatish markaziga olib borishni oʻylab turganimda, hamkasbim uning ota-onasini boshlab keldi. 

Katta leytenant Zarina Samandarova xizmat faoliyati davomida ana shunday holatlarning koʻplab marotaba guvohi boʻlgan. 

Uning aytishicha, yozning issiq kunlari sayyohlarning sogʻligʻiga eʼtiborsizligi tufayli, hushdan ketishi, qon bosimi oshishi va oftob urishi holatlari ham kuzatiladi. Shu sababli sohaviy xizmat xodimlari ikki yilda bir marta birinchi tibbiy yordam koʻrsatish malakalarini «Qizil yarim oy» jamiyati koʻmagida, xizmatdan ajralmagan holda oshirishadi. Bu, albatta, mehmon va sayyohlarga birinchi tibbiy yordam koʻrsatishda asqatmoqda. 

Katta leytenant Zarina Samandarova oʻtgan yili 932 nafar mahalliy va xorijiy sayyohga turli amaliy yordam koʻrsatdi. Bundan tashqari, Buxoro shahrining tarixiy qismida joylashgan madaniy meros obyektlaridagi mavjud muammolarni oʻrganib, ularni bartaraf etish yuzasidan mutasaddi tashkilotlarga uch marta taklif hamda taqdimnomalar kiritdi. 

–Zarina yosh boʻlishiga qaramay, ancha masʼuliyatli va oʻziga talabchan, – deydi viloyat IIB XTTB boshligʻining oʻrinbosari, podpolkovnik Oybek Hasanov. – Bunday deyishimning boisi, jamoamizda xizmat qilayotganiga uch yildan oshgan boʻlsa-da, hali biror marotaba unga nisbatan eʼtiroz boʻlgani yoʻq. Doim xizmat intizomiga rioya qiladi, topshiriqlarni oʻz vaqtida bajaradi. Shuningdek, turli musobaqalarda, koʻrik-tanlovlarda ham faol ishtirok etadi. 

Ayol kishiga ichki ishlar organlarida xizmat qilish oson emas, albatta. Zarina Samandarova kasbini sevgani uchun ham qiyinchiliklardan choʻchimaydi, boshqa xotin-qizlarga oʻrnak boʻlishga intiladi.

2025-yil u uchun omadli keldi, yaʼni IIV Akademiyasining masofaviy taʼlim tinglovchisi boʻldi. Qisqasi, katta maqsadlarni koʻzlayotgan katta leytenant Zarina Samandarova jamoada oʻz oʻrniga ega xodim. 

Mirzoqul AHADOV,

oʻz muxbirimiz.

Buxoro viloyati.