Bagʻdod tumanida Fargʻona viloyati IIB rahbariyati tashabbusi bilan shahar-tuman IIB boshliqlari – uchinchi sektor rahbarlari uchun seminar-trening tashkil etildi. Unda ilgʻor tajribalarni ommalashtirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Tadbirni viloyat IIB boshligʻi, polkovnik Muhitdin Joʻraev kirish soʻzi bilan ochdi. U oʻz soʻzida seminar sektorlar faoliyatini yangi bosqichga koʻtarish va muammolarni hal qilishda tajribalar bilan oʻrtoqlashish imkonini berishini qayd etdi.

Seminarda Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining viloyat filiali rahbar xodimlari va yetakchi mutaxassislari sektor faoliyatini reyting koʻrsatkichlari asosida baholash yuzasidan maʼruza qilishdi. Yoshlar ishlari agentligi mutaxassislari esa yoshlarni “Yoshlar daftari”ga kiritish va chiqarish tartibi, yoshlar balansi kabi mezonlar boʻyicha atroflicha maʼlumot berishdi.

Sektor rahbarlari va kotiblari faoliyatda duch kelayotgan muammolar yuzasidan murojaat qilib, mutaxassislardan asosli javob va uslubiy yordam olishdi. Qizgʻin munozaralarda muhim fikrlar, takliflar oʻrtaga tashlandi.

Seminar davomida ishtirokchilar Bagʻdod tumani tajribasi bilan yaqindan tanishdilar. Uchinchi sektor shtabida yaratilgan sharoitlar, hujjatlarning yuritilish tartibini oʻrgandilar.

Shuningdek, hududdagi 2-sonli kasb-hunar maktabida tashkil etilgan ishlab chiqarish va oʻquv amaliyoti jarayonlari koʻzdan kechirildi. Yoshlar oʻz ishlanmalarini mehmonlarga namoyish qildilar. Xotin-qizlarni kasbga yoʻnaltirish boʻyicha tashkil etilgan qisqa kurslar faoliyatini rivojlantirish, ularni aylanma pul mablagʻlari va zarur anjomlar bilan taʼminlash, taʼlim muassasasining kitob fondini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar belgilab olindi.

“Dasht” MFY tumandagi ijtimoiy-iqtisodiy holati ogʻir boʻlgan hudud sanaladi. Seminar ishtirokchilari ushbu mahallada ham boʻlib, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, profilaktika inspektori hamda xotin-qizlar masalalari boʻyicha katta inspektor bilan muloqot qilishdi. Hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yuzasidan 25 ta koʻrsatkich boʻyicha taqdimotlar bilan tanishishdi.

Bir soʻz bilan aytganda, seminar mazmunli va samarali boʻldi. Uchinchi sektor boshliqlari kun davomida oʻrganganlari va ilgʻor tajribalarni oʻzlari faoliyat olib borayotgan tumanda amaliyotga tatbiq etishga kelishib oldilar.

Abduvosit SIDIQOV,

“Postda” muxbiri.

Fargʻona viloyati.