– Oʻqituvchilik bobome­ros, onameros kasb menga, shundanmi, bolalarga ilm ulashsam, oʻzimni baxtiyor sezaman, – deydi Komiljon Aliqulov. Huquqshunoslik ham jiddiy, ham murakkab fan. Litseyimizdagi aksariyat oʻquvchilarning kelajakdagi kasb tanlovi ayni shu fan bilan bogʻliqligi bois uni qiziqar­li tarzda oʻtishga harakat qilaman. Bugun huquqini bilgan odam haqqini ham, haddini ham taniy oladigan insonga aylanadi. Shuning uchun ham u barcha uchun kerakli ilmdir. 

Akademik litseyda huquq­shunoslik fani chuqurlashtirib oʻtilgani bois mala­kali ustozlar qatorida, Komiljon Aliqulov ham har bir darsni interaktiv usullardan foydalangan holda oʻtishga harakat qiladi. Mashgʻulotlar davomida aqliy hujum, tezkor savol-javob, baliq skeleti, keys-stadi kabi pedagogik texnologiyalardan unumli foydalanadi. Har bir mavzuni hayotiy misollar yordamida, oʻz tajribasidan kelib chiqqan holda tushuntiradi. Bu esa oʻquvchi-yoshlarning ushbu fanni yaxshi oʻzlashtirishiga yordam beryapti. 

Qolaversa, oʻquvchilarni huquqshunoslik boʻyicha bellashuvlar, fan olimpiadalariga tayyorlashdan erinmaydi. Natijada respublikamizdagi barcha IIV akademik litseyi oʻquvchilari oʻrtasida oʻtkazilgan huquqshunoslik boʻyicha fan olimpiadasida IIV Surxon­daryo akademik litseyi oʻquv­chisi Dilrabo Saʼdullayeva 2021-yilda 3-oʻrinni, 2023-yilda esa 1-oʻrinni qoʻlga kiritdi. 

Kamtarlik feʼlini bezagan ustoz bilan suhbatlasharkansiz, uning har bir soʻzi, harakatida aniqlik, qatʼiyat borligini fahmlaysiz. Tabiiyki, qahramonimiz adolat qaror topishi uchun kurashib yashaydigan avlodni shakllantirishga tirishadi. Shogirdlarining yutuqlaridan esa doim quvonadi. 

Feruza Rahmonqulova,

oʻz muxbirimiz.

Surxondaryo viloyati.