Yigitlik burchini IIV Qorovul qoʻshinlariga qarashli poytaxtimizdagi 7534-harbiy qismda oʻtagan lavhamiz qahramoni mana 24 yildirki, mazkur harbiy qismda samarali faoliyat yuritib kelmoqda.
– Xizmatdagi barcha qiyinchilik va mashaqqatlarni yengib oʻtishimda ustozim, isteʼfodagi serjant Rustam Jaslikovning xizmatlari beqiyos boʻlgan, – deydi V. Qurbonov. – Uning sohaga oid oʻrgatgan bilim va koʻnikmalari hamda maslahatlari bilan katta nazoratchi, guruh komandiri, endilikda esa qorovul boshligʻi lavozimida xizmat qilyapman.
Vahobjon Qurbonovning oʻzi ham bugungi kungacha oʻnlab shogirdlar yetishtirishga ulgurdi.
III darajali serjantlar Sadriddin Roʻzimov, Feruz Oʻrinov hamda II darajali serjant Oybek Xushmurodov va kichik serjant Xurshid Boymurodov shular jumlasidandir.
Hozirda markaziy bazani qoʻriqlash bataloni 1-oʻqchi guruh qorovul boshligʻi lavozimida xizmat qilib kelayotgan Vahobjon Qurbonov qoʻl ostidagi shaxsiy tarkibga har kuni yoʻriqnoma oʻtib, ularga xizmat vazifalarini tushuntiradi. Muntazam tarzda muammolari bilan qiziqib, ularni bartaraf etadi. Chunki Vatan himoyasiga shaylangan har bir harbiy xizmatchining koʻngli xotirjam boʻlsa, ishida unum, natija boʻladi.
Doimo kasbini ardoqlaydigan qahramonimizning xizmatlari vazirlik va davlatimiz tomonidan munosib qadrlanyapti. 2016-yilda Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan u Prezidentimiz farmoniga koʻra «Jasorat» medali bilan taqdirlandi. Bundan tashqari, ipoteka krediti asosida yangi xonadonga ega boʻldi, 25 foiz miqdoridagi toʻlov imtiyozli ravishda qoplab berildi. Toʻngʻich farzandi Sardorbek Hayitov Toshkent davlat iqtisodiyot universitetiga kvota asosida oʻqishga kirdi.
– Koʻplab yutuqlarga erishib kelayotgan I darajali serjant V. Qurbonovga yosh harbiylar havas bilan qarashadi, – deydi mazkur batalyon komandiri, podpolkovnik Tursunboy Otajonov. – Oʻzining qatʼiy irodasi va intilishlariga ishongan mahoratli bu inson hech qachon maqsadlari yoʻlida toʻxtab qolmaydi, aksincha, doimo olgʻa intiladi.
Abduhamid OLLAYOROV,
kichik serjant.
