Shofirkon tumani IIB JXX HPB profilaktika inspektori, katta leytenant Azizbek Abdullayev 2020-yili IIV Aka­demiyasini tugatgach, ichki ishlar organlaridagi dastlabki xizmat faoliyatini tumandagi «Bobo Ato» mahalla fuqarolar yigʻinida boshladi. Koʻp oʻtmay rahbariyat gʻayratli va ishchan xodimni tuman markazidagi «Tinchlik» mahalla fuqarolar yigʻini hududiga profilaktika inspektori etib tayinladi.

– Ustozim mayor Yoqub Sali­mov «Profilaktika inspektori oʻzi xizmat qiladigan hududning yuragiday boʻlishi kerak. Mahallada sodir boʻlgan yoki sodir boʻlishi mumkin boʻlgan hodisadan birinchilardan boʻlib xabardor boʻlmogʻi lozim», deya koʻp takrorlaydi, – deydi katta leytenant Azizbek Abdullayev. – Mahallada oʻndan ortiq muassasalar joylashgan. Tabiiyki, hududimizga kelib-ketuvchilar koʻpchilikni tashkil qiladi. Huquqbuzarlik holatlarining aksariyati ham ular tomonidan sodir etilmoqda.

A. Abdullayev xizmat qilayotgan hudud ayni paytda «sariq» toifada. Qahramonimiz mahallani «yashil» hududga aylantirish maqsadida faollar bilan hamkorlikni yanada mustahkamlab, kamchiliklarni bartaraf etish choralarini koʻryapti. 

– Otam Alisher Obidov ziyoli inson, – deydi Azizbek Abdullayev. – Aqlimni taniganimdan buyon uyi­mizda kitob mutolaa qilinadi. Onam uy bekasi boʻlsa-da, kitob oʻqishni odatga aylantirgan. Men ham ularga ergashib, kitobga mehr qoʻyganman. Xudoyberdi Toʻxtaboyevning «Sariq devni minib» asari yod boʻlib ketgan. Oʻtkir Hoshimovning «Dunyoning ishlari» asari va «Daftar hoshiyasidagi bitiklar» kitobi eng sevib oʻqiydiganlarimdan. Xullas, jamiyatda oʻz oʻrnimni topishimda, yurt koriga yaraydigan inson boʻlishimda kitoblarning ahamiyati katta boʻlgan.

Lavhamiz qahramoni ona, Vatan, sadoqat va mehr-muhabbat haqida sheʼrlar mashq qilardi. Uning «Jilgʻa» nomli ilk sheʼriy kitobchasi ham chop etilgan. IIV Akademiyasida tahsil olganida «Badiiy havaskorlar» toʻgaragiga qatnashib, turli tadbirlarda faol ishtirok etgan. 

Darvoqe, katta leytenant A.Abdullayev uch yillik xizmat faoliyati davomida ichki ishlar organlari xodimlari oʻrtasida oʻtkazilgan «Zukko kitobxon», «Yosh kitobxon» tanlovlari­ hamda «Zakovat» intellektual oʻyinlarida faol qatnashib kelmoq­da. 2021-yili «Zukko kitobxon» tanlovining tuman IIB bosqichida birinchi boʻlgan boʻlsa, 2022-yili «Yosh kitobxon» tanlovining viloyat bosqichida ham yakkalikda, ham jamoa tarkibida qatnashib, birinchi oʻrinni qoʻlga kiritdi. 2023-yili esa «Zakovat» intellektual oʻyinida tuman IIB jamoasi tarkibida ishtirok etib, jamoaning birinchi oʻrin egallashiga hissa qoʻshdi.

Ishonamizki, katta leytenant Azizbek Abdullayev xizmatda ham, kitobxonlik borasida ham hali koʻplab muvaffaqiyatlarga erishadi. 

Mirzoqul AHADOV,

oʻz muxbirimiz.

Buxoro viloyati.