Qora shokolad yurak uchun juda foydali boʻlib, yurak kasalliklari yuzaga kelishining oldini oladi, insult xavfini kamaytiradi va qon bosimini normallashtiradi. Qora shokoladning yana bir yaxshi xususiyati bu – miya faoliyatini yaxshilashi. Shuningdek, uni muntazam isteʼmol qilish insult va infarkt xavfini kamaytiradi.

Ushbu mahsulot anti­oksidantlarga boy boʻlib, temir, kaliy, magniy, mis, rux va boshqa foydali mine­rallar manbayi hisoblanadi. U ham kakao singari kayfiyatni koʻtaradi, ruhiy tushkunlik va depressiya holatidan chiqishga yordam beradi. Achchiq va qora shokolad metabolik sindromning (infarkt, ateroskleroz, gipertoniya, qandli diabet, demensiya, jigarning yogʻlanishi va boshq.) hamda baʼzi saraton kasalliklarining oldini oladi.

Bundan tashqari, qora shokolad immunitetni shakllantiradi, qonni koʻpaytiradi, jismoniy mehnatga layoqatlilikni oshiradi, qon aylanishini yaxshilaydi. Tarkibidagi biofaol birikmalar teri holatiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Flavonollar quyoshdan himoya qiladi, terining zichligi va namlanishini oshiradi.

Boshqa shokolad turlaridan farqli oʻlaroq, qora shokoladga kakao kukuni va kakao moyi koʻproq, shakar esa kamroq qoʻshiladi. Haqiqiy qora shokolad tarkibida kakao miqdori 70 foizdan kam boʻlmasligi kerak. Oliy navli shokolad qoʻlning iliq haroratidan erib ketmaydi.

Mutaxassislarning fikricha, shokolad tanada tromblar vujudga kelishining oldi­ni oladi. Qora shokolad tarkibida kofein yoʻq. Lekin teobromin moddasi boʻlgani bois kechqurun yeyish tavsiya etilmaydi, chunki uyquni qochirishi mumkin. Tarkibida oksalatlar koʻp boʻlgani bois buyrakda tosh hosil boʻlishiga moyil insonlar uni isteʼmol qilmagani maʼqul.

Gulchehra AZIMOVA tayyorladi.