Tergovni bilimdonlar olib boradi
...Xoʻjaobod tumani IIBga Jomiy mahallasida istiqomat qiluvchi A.Bekmurodov ariza bilan murojaat qildi. Keksa fuqaro bir necha soat oldin kimdir uning velosipedini oʻgʻirlab ketganini aytdi.
– Xarid uchun bozorga ketmoqchi boʻlib turgandim. Hovliga chiqsam, velosipedim yoʻq. Yaqindagina bostirma ostida turgandi. Yordam beringlar, u boʻlmasa, qoʻl-oyoqsiz qolaman.
Tergov-tezkor guruhi xodimlari ishga kirishdi. Koʻp vaqt oʻtmadi, velosipedni hech qayerda ishlamaydigan shu mahallada yashovchi fuqaro B.Yoʻlchiyev oʻgʻirlagani aniqlandi. Ilgari bir necha bor sudlangan, ichkilikbozlikka ruju qoʻygan bu kimsa qoʻlga olindi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov ishi tergov boʻlinmasining yosh tergovchisi, leytenant Xislatbek Qosimjonovga topshirildi.
– Ushbu jinoyat ishi tergov amaliyotimda birinchisi edi, – deydi Andijon viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi katta tergovchisi kapitan X.Qosimjonov. – Gumonlanuvchi chalkash koʻrsatmalar berib, hech narsani eslay olmasligini, velosipedni oʻgʻirlamaganini bildirdi. Ammo tergov davomida aybi toʻliq isbotlandi. Velosiped ramasidan uning barmoq izlari topildi. Oʻgʻirlangan velosipedni sotib olgan qoʻshni mahallada yashovchi fuqaro ham B.Yoʻlchiyevga qarshi koʻrsatma berdi.
Oʻsha payt juda xursand boʻlib, mamnuniyat hissini tuygandim. Shundan buyon oradan besh yil oʻtdi. Bu vaqt ichida bir qancha gumonlanuvchilar ishtirokidagi koʻp epizodli, murakkab ishlarni ham tergov qilishimga toʻgʻri keldi.
Kapitan Xislatbek Qosimjonov Xoʻjaobod tumanida tugʻilib, voyaga yetgan. Ichki ishlar vazirligi Akademiyasini bitirgan.
– Xizmat faoliyatimda turli odamlar, jumladan, jinoyatchilar bilan ishlashga toʻgʻri keladi. Ularning har biriga alohida yondashuv zarur, – deydi qahramonimiz. – Gapning rosti, koʻp qiynalganman. Masalan, yosh tergovchi boʻlgan davrimda toʻrt tomlik ayblov xulosasidan nusxa koʻchirishim kerak boʻlib, tong sahargacha ishxonada qolishga majbur boʻlganman. Lekin har doim qiyinchiliklar chinakam tergovchiga aylantirishiga ishonchim komil boʻlgan. Men shu kasbni tanlaganim uchun hech qachon afsuslanmayman.
Boris KLEYMAN,
«Na postu» muxbiri.
Andijon viloyati.
