Inson – aziz, xotira – muqaddas. Ikkinchi jahon urushi insoniyat tarixidagi eng dahshatli, eng qonli qirgʻin boʻlgandi. Olovli janglarda tinchlik va ozodlik uchun kurashgan insonlarni xalqimiz qadrlab, dunyodan oʻtganlarining xotirasini abadiy yodda tutadi. Qiyin davrlarning kam sonli tirik guvohlaridan biri – Xoʻjayli tumanida yashovchi mehnat fronti ishtirokchisi Araztagan ota Kakabayevdir.

Yaqinda Qoraqalpogʻiston Respub­likasi Ichki ishlar vazirining maslahatchisi, isteʼfodagi polkovnik O.Turdaqov, Faxriylar kengashi raisi, isteʼfodagi polkovnik F.Sankibayev, Oʻzbekiston jangchi-faxriylar va nogironlar birlashmasi Qoraqalpogʻiston boʻlimi raisi Y.Allambekov, Xoʻjayli tumani Mudofaa ishlari boʻlimi Faxriylar kengashi raisi U.Nurjanovlar 9 may – Xotira va qadrlash kuni oldidan mehnat fronti qatnashchisi A. Kakabayevning holidan xabar olish maqsadida xonadoniga borishdi. Joriy yilda 100 yoshni qarshi olayotgan otaxonning shaxdam harakatlari, savollarga bergan dadil javoblari kelgan mehmonlarni hayron qoldirgani bor gap.

1925-yilda tavallud topgan A. Kakabayev Xoʻjayli tumanining «Kulab» ovul fuqarolar yigʻini hududida yashardi. Oilada ikki oʻgʻil, ikki qiz boʻlib, otasi erta vafot etgani bois, ularni tarbiyalab voyaga yetkazish yolgʻiz ona Tozagul opaning zimmasida qoladi. 

Oiladagi yetishmovchilik tufayli yosh bolalarning oʻzlari ham onasiga qoʻshilib, ishlashga majbur boʻladi. Ayni yoshlik davri boshlanganida esa mashʼum urush xabari tarqalib, eldagi yoshi yetganlar urushga jalb qilinadi. Shular qatorida Araztagan otaning akalari Suyinbay va Yesen Omonqulovlar ham frontga ketadi. Lekin urushdan qaytib kelmaydi.

A.Kakabayev esa qishloq xoʻjaligi bilan bogʻliq ishlar toʻliq zimmasiga tushganlardan biri boʻldi. Keyinchalik mexanizatorlik kasbini oʻrganib, urush tugaguncha ariqlarni qazish, yer haydash, hosil yigʻish, umuman olganda, urush davrining qanday qiyin zahmatlari boʻlsa, barchasini totib koʻradi.

– Bir tomondan, urushdan kelayotgan qaygʻuli xabarlar, boshqa tomondan, ogʻir mehnat odamni toliqtirishi turgan gap. Lekin «Hamma narsa front uchun, hamma narsa gʻalaba uchun» shiori ostida koʻpchilik jipslashib, mehnatimiz orqali gʻalabaga hissa qoʻshish mumkinligini yaxshi anglab yetganmiz. U paytdagi yosh avlod uchun qanchalik qiyin boʻlganini his etish oson emas. Toʻgʻrisi, toʻyib ovqat yeyish, tinch uxlash armonga aylangan zamon edi. Ilohim, unday kunlar hech qachon qaytib kelmasin, – deydi Araztagan ota.

Uning mehnatlari munosib baholanib, urush paytda bir necha bor faxriy yorliqlar bilan taqdirlanadi. Bundan tashqari, «Mehnat shuhrati» ordeni, Ikkinchi jahon urushining 50 yilligi va 75 yilligi medallari, 1976-yili «Qoraqalpogʻistonda xizmat koʻrsatgan mexanizator» unvoni, 1994-yilda esa «Shuhrat» medali bilan taqdirlanadi.

Rafiqasi Xalbibi Avezova bilan birgalikda 3 oʻgʻil va 5 nafar qizni tarbiyalab voyaga yetkazadi. Lekin taqdir ekan, turmush oʻrtogʻi 

1994-yili vafot etadi. Farzandlari jamiyatimizning turli sohalarida xizmat qilib, bugungi kunda ularning barchasi pensiyada. Hozirda bu katta oilada 26 nafar nabira va 40 ga yaqin evaralar oʻsib kelayotir.

Azamat PIRNIYAZOV, 

oʻz muxbirimiz.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi.