Shunday asarlar boʻladiki, ular sahnaga qoʻyilgandan soʻng oradan bir necha oʻn yillar oʻtsa-da, zavqu shavqi, tuyilgan taassurotlar, qahramonlarni jonlantirgan aktyorlarning betakror iboralari, oʻziga xos xatti-harakatlari koʻz oldingizda gavdalanaveradi. «Shum bola» spektakli ham xuddi shunday shon-shuhratga burkangan asarlardan biridir.
Bugun yillar aro shonli yoʻlini davom ettirib, tomoshabinlar qalbida ulugʻvor haykal tiklagan Oʻzbekiston xalq artisti Xayrulla Saʼdievning umr yoʻllariga nazar tashlaymiz.
BAXTLI TASODIF
Xayrulla Saʼdiyev 1940-yil Toshkent shahrida taniqli teatr aktyori Habib Saʼdiy oilasida tugʻilgan. Oilada uchinchi farzand boʻlgan Xayrullani otasi tizzasiga oʻtqazib, jingalak sochlarini silarkan, urush tugasa, albatta, katta toʻy qilish orzusi borligini bot-bot takrorlardi. Oʻshanda u besh yoshda edi. Olis-olislarda davom etayotgan dahshatli urush ham tugadi, lekin orzulari armonga aylangan otaning ham umri poyoniga yetdi. Besh bola bilan yolgʻiz qolgan onaizor ularga ham ona, ham otalik qildi. Ona sifatida oʻzi yemay bolalarining ogʻziga tutdi, ota sifatida ham mehr berdi, ham
qatʼiyat va talabchanlik bilan oʻstirdi. Hatto Xayrulla oʻqish yoshiga yetganda, ortiqcha erkalik qilmasin, deb oʻzi ishlayotgan maktabga emas, boshqa maktabga berdi. Oilada ham bolalarning tarbiyasiga qattiq turdi. Ularning kelajakda oliy maʼlumotli boʻlib, hayotda oʻz oʻrnini topishi uchun kurashdi...
Maktabni tugatgan boʻlsa-da, hali bir qarorga kelmagan Xayrullani amakivachchasi Oʻzbekiston xalq artisti Lutfulla Saʼdullaev Ostrovskiy nomidagi teatr va rassomlik institutiga birga borishga koʻndiradi. Imtihonga kirgan Xayrulla barcha savollarga yaxshi javob beradi, monolog, sheʼr, masal aytadi, qoʻshiq ijro etadi, barcha belgilangan sinovlarni topshiradi. Lekin taniqli sanʼatkorlardan iborat hayʼat aʼzolari uni qabul qilishmaydi.
Taqdirning kutilmagan zarbasidan esankirab, institut hovlisida xayol surib oʻtirgan yigit «Siz, mabodo Habibulla akaning oʻgʻlimasmisiz?» degan soʻroqdan oʻziga keladi. Tasdiq javobini olgan xushroʻygina ayol aftoda holatining sababini soʻraydi. Xayrulla hali hammasini aytib ulgurmasidan, uning qoʻlidan ushlab, toʻgʻri imtihon boʻlayotgan xonaga boshlab kiradi. Biroz asabiylashgan holda, «Siz kimga senda ovoz yoʻq deganingizni bilasizmi? Axir bu mashhur ariyalar ijrochisi, sohir ovoz sohibi Habib Saʼdiyning
oʻgʻli-ku...» deb ularni Xayrullaga imkon berishga koʻndiradi.
TEATR BAHORI
Mamlakatimizda teatr mavsumi bejiz bahorda boshlanmaydi. Bahor – yilboshi, bahorda butun borliq baravj boʻladi. Teatrga ham yosh yigit-qizlar umr bahorining avj pallasida qadam qoʻyishadi...
Ustozi, Oʻzbekiston xalq artisti Nazira Alievaning qoʻllovi bilan talabalar safiga qabul qilingan Xayrulla Saʼdiyev 1963-yilda institutni tugatib, Toshxoʻja Xoʻjaevning tavsiyasiga koʻra, Yosh tomoshabinlar teatriga ishga keladi. Teatrda Ibrohim Aredov, Afandixon Ismoilov, Vohid Qodirov, Obid Tolipov kabi sahna ustalaridan aktyorlik sanʼati sirlarini oʻrgangani uning ibratxonada oʻz oʻrnini topishida muhim ahamiyat kasb etdi. X. Saʼdiyev ijrosidagi oʻnlab obrazlar aktyorga chinakam shuhrat keltirdi.
BIR BAHR, IKKI KEMA
Xalqimizda «Ikki kemaning boshin tutgan gʻarq boʻlar» degan purmaʼno naql bor. Bu – ayni haqiqat. Lekin sanʼat atalmish bepoyon ummonda ikki kema – ham teatr, ham kinoni koʻzi ustida tutib, betakror obrazlarni yaratgan buyuk sanʼatkorlarimizning sanogʻi salmoqlidir.
Shunday iqtidor egasi boʻlgan lavhamiz qahramoni Yosh tomoshabinlar teatrida ishlagan davrlaridayoq oʻz ijodiy qiyofasiga va uslubiga ega edi. Hajviy obrazlarning mohir ustasi sifatida tomoshabinlarga tanilgan sanʼatkor bu teatrda oʻn yildan ortiq ishlab, aktyorlik mahorati oshib, ijodi shakllangan bir paytda, yaʼni 1986-yilda yangi tashkil etilgan Satira teatriga ishga taklif etishadi. Bu teatrda ham oʻz tomoshabinini topgan X. Saʼdiyev oʻz ustida tinmay ishladi, ijodiy izlanib, roldan rolga oʻsib bordi, aktyorlik mahoratining yangi-yangi qirralarini namoyon etdi.
U yaratgan yorqin hajviy obrazlar kulgisevar tomoshabinlarning tahsini va olqishlariga sazovor boʻldi. Mahoratli aktyor oʻzining chuqur mazmunli, teran va betakror obrazlari bilan teatr repertuarini boyitdi.
X. Saʼdiyev Jingalak («Oy borib, omon qayt»), novvoy («Semurgʻ»), Mamat («Shiddat»), Anvar («Chinor»), kuyovning doʻsti («Toʻylar muborak»), masxaraboz («Mahmud pahlavon»), ertakchi chol («Akmalning sarguzashtlari»), Xayrulla («Marhumning xotirasi»), Qoʻrqinch («Arslonning sarguzashtlari»), choyxonachi («Xumcha»), masxaraboz («Margʻiyona»), Toychaxon («Alpomish»), Rayhon qiziq («Meshpolvon») kabi rollari bilan kino sanʼatida ham oʻz imzosini qoʻydi.
Shuningdek, televizion spektaklʼ va filʼmlarda faol ishtirok etib, «Shum bola»da Shum bola, «Izlayman»da Anvar, «Uchrashuv»da Sobir, «Shaytanat»da Jalil kabi oʻziga xos qahramonlarni gavdalantirgan mohir aktyor maxsus teatrlashgan dasturlarda Afandi, asabiy odam, lektor kabi obrazlarni ham yaratgan.
Bundan tashqari, taniqli aktyor «Nashtar» kinojurnalida qatnashib, bir qator puxta obrazlari bilan muxlislar qalbidan muqim joy egalladi. Ikki yuzdan ortiq filmlarning dublyajida ishtirok etdi. Shuningdek, televizion miniatyuralar teatrining doimiy qatnashchisi boʻlgan sanʼatkorning Oʻzbekiston televideniyesi va radiosida yaratgan obrazlarini ham tomoshabinlar iliq kutib oldi.
SINOVLARDA SINMAGAN SABR
Hayot sinov maydoni aslida. Lekin sinovlarni sabot bilan yengish hammaga birdek nasib etavermaydi. Kimdir bu maydonda sinalib, undan mardona chiqib ketadi. Kimningdir esa sabri yetmay nogoh sinadi...
Hamsabogʻi va hamkasbi Raʼno Madrahimova bilan kechgan baxtli onlari ham uzoqqa choʻzilmaydi. Jigar xastaligiga chalingan turmush oʻrtogʻi yolgʻiz farzandini yodgor qilib, bu dunyoni erta tark etadi.
Goh quvonch, gohi gʻam olib kelgan yillarga basma-bas yashayotgan ustoz aktyorni yana bir sinov kutib turardi. 2020-yil fevralining boshida Xayrulla Saʼdiyev suyangan togʻi toʻngʻich oʻgʻli, ichki ishlar organlarida turli rahbarlik lavozimlarida xizmat qilgan, isteʼfodagi podpolkovnik Sardor Saʼdiyevdan ayrildi. Aslida bu har bir tirik jon totib koʻradigan sharob. Lekin farzand dogʻi togʻdek otani ham qulatishi mumkin. Bolaligi urush davriga toʻgʻri kelgan va undan keyingi qiyinchiliklarni ham mardonavor yengib, butun vujudi bardoshga aylangan buyuk aktyor bu judolik diyoridan ham mardonavor oʻta oldi...
XULOSA OʻRNIDA
Xalq ardogʻidagi aktyorning ustozi, shogirdiga miqyossiz mehr qoʻygan Nabi Rahimov uni doim duo qilarkan, «Yaratgan senga ming oy umr bersin», deb alqardi. Mana, otasidek ulugʻ ustoz duosi ijobat boʻlib, xalqimizning sevimli aktyori, Oʻzbekiston xalq artisti, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi, «Mehnat shuhrati» ordeni sohibi Xayrulla Saʼdiyev 6-dekabr kuni muborak 85 yoshni qarshilaydi. Koʻp sonli muxlislar nomidan ustoz sanʼatkorimizga sogʻliq tilab, umrlari boqiy, ijodlari baravj boʻlsin deb qolamiz!
Temir QURBON.
