Mamlakatimizda “Sogʻlom hayot sari 5000 qadam” shiori ostida ommaviy yurish va sport tadbirlari oʻtkazish yaxshi anʼanaga aylanmoqda. Jumladan, bugun Fargʻona viloyatining Rishton tumanida ham ana shunday tadbir koʻtarinki ruhda oʻtkazildi.
Tuman ichki ishlar boʻlimi tashabbusi bilan hamkor tashkilotlarni jalb etgan holda oʻtkazilgan marafonda barcha shaxsiy tarkib faol qatnashdi va boshqa soha vakillariga har tomonlama ibrat boʻldilar.
Marafon tuman markazidagi Roshidoniy koʻchasidan boshlanib, Farovonlik koʻchasigacha davom etdi. Ishtirokchilar faol yurishdan soʻng sport murabbiylari yordamida ertalabki badantarbiya mashgʻulotlarini ham bajardilar.
Ushbu tadbirda ichki ishlar organlari xodimlari bilan birga, oʻz salomatligiga befarq boʻlmagan va sogʻlom turmush tarzini qoʻllab-quvvatlovchi 1000 nafardan ziyod aholi vakillari ham ishtirok etdi.
Abduvosit SIDIQOV,
“Postda” muxbiri.
Fargʻona viloyati.
