Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 33 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan viloyat IIBda tashkil etilgan bayram tadbirida boshqarma boshligʻining oʻrinbosarlari, sohaviy xizmat rahbarlari, shahar-tuman IIB boshliqlari va faxriylar ishtirok etdi.
Dastavval boshqarma boshligʻi, general-mayor Azizbek Ikramov Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Poʻlat Bobojonovning yurt posbonlariga yoʻllagan bayram tabrigini oʻqib eshittirdi. Shuningdek, soha xodimlariga oʻzining samimiy tilaklarini bildirdi.
Tadbir tantanali taqdirlash marosimiga ulanib ketdi. Prezidentimiz farmoniga koʻra, “Sodiq xizmatlari uchun” medali bilan taqdirlangan viloyat IIB boshligʻi oʻrinbosari, Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash xizmati rahbari, polkovnik Dilmurod Xudjaqulovning yutuqlari eʼtirof etilib, qimmatbaho sovgʻalar topshirildi. Shu bilan birga, Ichki ishlar vaziri hamda viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi tomonidan taqdirlangan xodimlar va soha faxriylariga turli darajadagi mukofotlar tantanali ravishda taqdim qilindi. Shuningdek, ichki ishlar organlarida uzoq yillar ishlab, bugun keksalik gashtini surayotgan 80 yoshdan oshgan 30 nafar faxriy boshqarmaga taklif qilinib, ularga ehtirom koʻrsatildi va bayram sovgʻalari tortiq etildi.
Abduvosit SIDIQOV,
oʻz muxbirimiz.
Fargʻona viloyati.
