Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 34 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni bayrami munosabati bilan Fargʻona viloyati ichki ishlar boshqarmasida ham bayram tadbiri tashkil etildi.

Unda boshqarma boshligʻining oʻrinbosarlari, sohaviy xizmat rahbarlari, shahar-tuman IIB boshliqlari, faxriylar ishtirok etdi.

Tadbirni boshqarma boshligʻi, general-mayor Azizbek Ikramov kirish soʻzi ochib, Ichki ishlar vazirining yurt posbonlariga yoʻllagan bayram tabrigini oʻqib eshittirdi. Shuningdek, soha xodimlariga oʻzining samimiy tilaklarini bildirdi.

Tadbir tantanali taqdirlash marosimiga ulanib ketdi. Bayram munosabati bilan bir guruh xodimlarga navbatdagi maxsus harbiy unvonlar taqdim etildi.

Shu bilan birga Ichki ishlar vaziri hamda viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi tomonidan taqdirlangan xodimlar hamda soha faxriylariga koʻkrak nishonlari, tashakkurnomalar va turli darajadagi mukofotlar tantanali ravishda topshirildi.

Boshqarma boshligʻi yurt tinchligi va osoyishtaligi yoʻlida sidqidildan xizmat qilayotgan va barcha taqdirlangan xodimlarni samimiy qutlab, kelgusida yanada samarali xizmat qilishga, Davlatimiz rahbari va xalqimiz bildirayotgan yuksak ishonchni oqlashga chaqirdi.

Tadbir davomida taqdirlangan xodimlar ham soʻzga chiqdi. Ular koʻrsatilgan eʼtibor va ehtirom uchun oʻzlarining samimiy minnatdorchiliklarini bildirdilar.

Abduvosit SIDIQOV,

oʻz muxbirimiz.

Fargʻona viloyati.