Otasi Margʻilon shahar tibbiyot birlashmasi tashxis markazida shifokor, onasi hamshira boʻlib ishlagan. Serfarzand oilada kamolga yetgan Shahnoza opa-singillari orasida eng shaddod, ziyrak, choʻrtkesar boʻlib ulgʻaydi. Shuning uchun ham otasi «Oʻgʻlimiz boʻlmasa ham, shu qizim oʻgʻil bola oʻrnini bosadi», deb doim faxrlanardi.
2006-yilda IIV Akademiyasini tergov faoliyati mutaxassisligi boʻyicha muvaffaqiyatli tamomlagan Shahnoza Margʻilon shahar IIBda tergovchi, keyinchalik voyaga yetmaganlar bilan ishlash boʻyicha inspektor vazifasida, hozir esa Soʻx tumaniga xizmat qilayapti.
Tuman viloyat markazidan ancha uzoq boʻlsa-da, mashaqqatlar uni sira choʻchitmadi. Aksincha, oʻz ishiga sidqidildan yondashib, chegara hudud ayollarining dard-u tashvishi bilan yashay boshladi. Bugun jonsarak katta inspektorni Soʻxning barcha mahallalarida yosh qizlardan tortib, kayvoni onaxonlargacha yaxshi tanishadi.
Faoliyati davomida ayollarning huquqiy savodxonligini oshirish, oilalar mustahkamligini taʼminlash, jinoyatchilikning oldini olish maqsadida tumandagi mavjud 27 ta mahallada juda koʻplab uchrashuvlar, davra suhbatlari, tanlovlar oʻtkazayotgan lavhamiz qahramoni har bir oilaga kirib borishga harakat qiladi. Natijada mahallalarda muhit sezilarli darajada yaxshilanib, xotin-qizlar jinoyatchiligi kamayishida uning hissasi katta boʻlyapti.
2021-yilda reyting natijalari tahlillariga asosan, unga muddatidan oldin «podpolkovnik» maxsus unvoni berilishi, xuddi shu yili kasb bayrami arafasida Mudofaa vazirligi tomonidan III darajali «Namunali xizmati uchun» koʻkrak nishoni bilan mukofotlanishi uning xizmatiga berilgan bahodir.
Podpolkovnik SH. Shodmonova hamkor tashkilotlar vakillari bilan birga IIB hisobida turgan xotin-qizlarning muammolarini oʻrganib chiqib, amaliy yordam koʻrsatishda faol. Ayollarni kasb-hunarga oʻqitish, ularga tibbiy, huquqiy yordam koʻrsatish, subsidiya asosida asbob-uskunalar olib berishda bosh-qosh.
– Soʻx tumani IIBda mengacha birorta ayol xodima ishlamagan ekan, – deydi lavhamiz qahramoni. – Har qancha qiyin boʻlmasin, togʻlik tuman aholisiga sidqidildan xizmat qilyapman. Chunki Soʻx ham Oʻzbekistonning bir boʻlagi. Vatani va tanlagan kasbini yaxshi koʻrgan inson, har qanday sharoitda ham ishlab charchamaydi. Men ham soʻxliklarni juda yaxshi koʻraman. Shu bois har kuni qiladigan ishimni erta tongda rejalashtirib, mahallalarni aylanishni odat qilganman. Kundalik faoliyatimda adashgan bir ayolni toʻgʻri yoʻlga boshlasam, bir oilani ajralishdan saqlab qolsam, kimningdir muammosini hal qilishga hissam qoʻshilsa, oʻsha kuni oʻzimni baxtli his qilaman.
Abduvosit SIDIQOV,
oʻz muxbirimiz.
Fargʻona viloyati.
