Samarqand davlat tibbiyot universitetida bakalavr bosqichini yakunlagach, ordinaturada jarrohlik yoʻnalishida oʻqidi. Dastlab ish faoliyatini Navoiy shahridagi 1-sonli oilaviy poliklinikada umumiy amaliyot shifokori sifatida boshlab, keyinchalik kichik jarrohlik amaliyotlarida qatnashib, tajriba va malaka toʻpladi. 

Shu yili uni viloyat IIB Tibbiyot boʻlimi harbiy-tibbiy komissiyasining eksperti—shifokor-jarrohi lavozimiga taklif etishdi. Shundan keyin shahodatlangan xodim sifatida xizmatga kirdi va ichki ishlar organi xodimi boʻlishni maqsad qilgan oʻgʻil-qizlarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazishga oʻz hissasini qoʻsha boshladi. 

Oradan bir necha yil oʻtib, tashabbuskor, bilim va salohiyati yetarli qahramonimiz harbiy-tibbiy komissiya raisi lavozimida xizmatini davom ettirdi. 

Mayor Abduvali Xolmirzayev ayni paytda Tibbiyot boʻlimi poliklinikasi boshligʻi, mutaxassis jarrohi. U viloyat IIB shaxsiy tarkibi va IIVga qarashli harbiy qismlar harbiy xizmatchilarini, tizimdagi taʼlim muassasalariga oʻqishga va viloyat IIBga xizmatga kirayotgan nomzodlarni hamda faxriylar va ularning oila aʼzolarini tibbiy koʻrikdan oʻtkazadi. Shuningdek, jarrohlik amaliyoti zarur kasallik aniqlanganda, bemorlarni oʻz vaqtida dispanser nazoratiga olib, sogʻlomlashtirish choralarini koʻradi. Ambulator va statsionar sharoitda davolanishini nazorat qiladi. Bundan tashqari, xodimlarning salomatligi boʻyicha xulosalarni qonunchilikka koʻra tasdiqlaydi. 

Lavhamiz qahramoni doimiy ravishda xodimlar va harbiy xizmatchilar uchun salomatlik targʻibot tadbirlarini tashkil etishda tashabbus koʻrsatib keladi. «Oʻtkir respirator kasalliklarning oldini olish», «Semizlik – bu kasallik», «Sogʻlom ovqatlanish – uzoq umr garovi» kabi mavzulardagi koʻplab profilaktik tadbirlarda, dispanser nazoratidagi bemor xodimlar va faxriylarni vaqti-vaqti bilan chuqurlashtirilgan tibbiy koʻriklarni oʻtkazishda jonkuyarlik bilan ishtirok etadi. Mutaxassis sifatida kerakli tavsiyalarini beradi. 

Misol uchun, yaqinda Abduvali Xolmirzayev isteʼfodagi serjant Bekpoʻlat Gadoyevni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish jarayonida qorin sohasida qandaydir hosila borligini gumon qildi. Garchi bemorning hech qanday shikoyati boʻlmasa-da, jarroh uni ultratovush tekshiruvidan oʻtkazdi. Qon tahliliga buyurdi. Tashxis xulosasiga koʻra, bemorda qorinoldi devori orttirilgan churrasi aniqlandi. Shifokor jarrohlik amaliyoti bilan uni bartaraf etish mumkinligini aytdi. Bekpoʻlat Gadoyev jarrohlik amaliyotini boshidan oʻtkazdi. Ayni paytda ahvoli qoniqarli.

Soʻnggi soʻz oʻrnida aytarimizki, oramizda mayor Abduvali Xolmirzayev singari soʻz-u amalidan hayot nafasi ufurib turgan jonkuyarlar borligiga shukur.  

Mahliyo XOLOVA,

oʻz muxbirimiz.

Navoiy viloyati.