IIV Xalqaro aeroportlarda xavfsizlikni taʼminlash boʻyicha qoʻshinlariga qarashli Fargʻona shahridagi 7253-harbiy qismda oʻz kasbiga mehri baland boʻlgan ofitser va harbiy xizmatchilar koʻpchilikni tashkil etadi.
Ulardan biri, nazoratchi-oʻqchi lavozimida xizmat qilayotgan oddiy askar Qahramon Vahobovdir.
Lavhamiz qahramoni 1994-yilda Namangan viloyatining Chortoq tumanida tugʻilgan. U 2005-yildan sportning boks va kikboks turlari bilan muntazam shugʻullana boshlagan. Oʻtgan davr mobaynida bir qator respublika va xalqaro darajadagi musobaqalarda munosib ishtirok etib, gʻoliblar safidan joy oldi.
2020-yilda IIV Xalqaro aeroportlarda xavfsizligini taʼminlash qoʻshinlariga shartnoma asosida xizmatga qabul qilinganidan soʻng, universal jang va qoʻl jangi bilan ham oshno tutindi. Mazkur yoʻnalishda viloyat va respublika chempionatlarida faol ishtirok etib, sovrindor boʻldi.
–Harbiy qismimizda osoyishtalik posbonlarini ona-yurtga mehr-muhabbat, kasbga sadoqat ruhida tarbiyalash hamda ularning jismoniy faolligini oshirish yoʻlida barcha sharoit va imkoniyatlar yaratilgan, – deydi oddiy askar Q. Vahobov. – Masalan, futbol va voleybol maydonlari, eng muhim anjomlar bilan jihozlangan qishki sport zal shular jumlasidandir. Ayniqsa, harbiy xizmatchilar uchun universal jang va qoʻl jangi zarur sport turlari sanalib, bu borada tashkil etilayotgan mashgʻulotlarga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Men ham oʻz ustimda tinimsiz izlanib, kelgusida oʻtkaziladigan nufuzli musobaqalarda davlatimiz bayrogʻini yanada yuqori koʻtarish niyatidaman.
Abduvosit SIDIQOV,
oʻz muxbirimiz.
