Harom boylik kishiga hech qachon buyurmagan, buyurmaydi ham. Lekin xom sut emgan banda hamisha bundan oʻziga tegishli xulosa chiqaravermaydi. Shofirkonning Shibirgʻon qishlogʻida yashovchi, 1988-yilda tugʻilgan Oʻ. Doniyor (ismlar oʻzgartirildi) ham ishlamay pul topishni oʻylab yurardi. Buni qarangki, kutilmaganda “oʻljasi” chiqib qoldi. Azonlab, soat 05:30 larda tumanning Shofirkon shoh koʻchasida joylashgan “Star market” savdo majmuasi oldida qarovsiz qoldirilgan sumkani oʻgʻirlab qochdi...
Bir chekkaga oʻtib, oʻgʻirlangan sumkani kovlashtirdi. Uning ichidan bahosi 100 ming soʻmlik bir juft erkaklar etigi, narxi 60 ming soʻmlik xizmat kiyimi, narxi 25 ming soʻmlik telefon quvvatlagich, 700 ming soʻm naqd pul, fuqarolik pasporti va haydovchilik guvohnomasi chiqdi. Sumkaning haqiqiy egasi Guliston mahallasida yashovchi N.Ikrom boʻlib, u tanishining uyiga kiraman-u chiqaman deb, ichkariga yoʻnalganida sumkasi oʻgʻirlandi.
Mazkur holat yuzasidan tuman IIB xodimlari tezkor-texnik, surishtiruv hamda tergov harakatlari olib borishdi. Buning natijasida Oʻ. Doniyorning oʻylamay qilgan ishi fosh etildi. Ayni paytda gumon qilinuvchi Oʻ. Doniyorga nisbatan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Mirzoqul AHADOV,
“Postda” muxbiri.
Buxoro viloyati.
