Qudachilik – mingyilchilik, degan gap bor. Buning zamirida qudali boʻlgan odam mulohazali, murosali boʻlishi kerakligi, shu tarzda munosabatlarning oltin oʻrtaligʻini ushlab turishi va oila qurgan farzandlarining tinch-totuvlikda yashashlarini taʼminlashi lozimligi yotadi. 

Taassufki, ayrimlarning kibri, mulohazasizligi ana shu ming yil qadrlanadigan munosabatlarga putur yetkazib qoʻyadi. Sherobod tumanida boʻlgan voqea bunga bir misol boʻldi.

Chigʻatoy mahallasida yashovchi P.T. ismli ayol kechki payt shu mahalladagi qudasi O.P.ning uyiga mehmonga boradi. Mehmondorchilikda qudasining akasi O.X. bilan oldindan oilaviy kelishmovchiliklarini oshkor etib, oʻtgan gap-ginalarni qoʻzgʻaydi. Natijada ikkala qudaning oʻrtasida kelishmovchilik kelib chiqadi. Dahanaki jang janjalga aylanadi va O.X. ayolni qoʻli bilan urib, tan jarohati yetkazadi, deya xabar beradi viloyat IIB axborot xizmati. 

Oqibatda qoʻliga erk bergan O.X.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 105-moddasi (qasddan badanga oʻrtacha ogʻir shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. 

Suyaksiz til yana bir oiladagi muhitga raxna solishi mumkinligi haqida har ikki tomon ham oʻylab qoʻrishsa, shunday holatgacha borishmasmidi...

Feruza RAHMONQULOVA,

“Postda” muxbiri.

Surxondaryo viloyati.