Inson tanasida yengil bezovtalik yoki ogʻriq hissi yuzaga kelganda salomatlikni tiklash uchun koʻpgina tabiiy usullardan foydalanish mumkin.
Qon bosimini tushirish uchun zanjabilli choy qaynating. Buning uchun poʻsti artilgan zanjabilni maydalab, quritilgan yalpiz barglarini qoʻshing va ustidan qaynoq suv quyib, 7-10 daqiqa tindiring. Soʻngra limon va asal solib isteʼmol qiling.
Shamollash va tumovda zanjabil oʻta foydali. U qizdiruvchi taʼsirga ega boʻlib, qon aylanishini yaxshilaydi.
Tomoqdagi ogʻriqdan chinnigul ziravori xalos etishi mumkin. Uning uch-toʻrt donasini ogʻizda imkon qadar koʻproq ushlab turing, vaqti-vaqti bilan yangisiga almashtirgan holda kun boʻyi shimib yursa ham boʻladi. Tomoqdagi ogʻriq susayadi. Ushbu oʻsimlik kuchli antiseptik boʻlib, hatto anginada ham yordam beradi.
Qon bosimini oshirish uchun bir finjon tabiiy qahvani achchiq damlab ichish kifoya.
Xonada barglari u qadar yoqimli hidga ega boʻlmagan yorongul (geranʼ) oʻsayotgan boʻlsa, u bosh ogʻrigʻida sizga shifo ulashishi mumkin. Shunchaki oʻsimlikning barglarini ohista silkitib, ifor chiqarishini kuting va bir necha marta chuqur nafas oling.
Shamollash, gripp, anginada tabiiy olma sirkasi yordamga keladi. Unga 1:1 miqdorda suv qoʻshib, ozgina asal soling. Bunday ichimlik chanqoqni qondiradi, haroratni tushiradi, organizmni S vitamini bilan toʻyintiradi va tezda sogʻayishga xizmat qiladi.
Jambil oʻsimligi balgʻam koʻchiruvchi samarali vositadir. Bronxitda uning damlamasini iching va sogʻayish nisbatan tez kechadi. Lekin bu ichimlikni kechqurun isteʼmol qilmagan maʼqul, chunki u peshob haydash xususiyatiga ega.
Gulchehra AZIMOVA tayyorladi.
