Xorazm viloyatida oʻtkazilgan «Xavfsiz hudud – dolzarb 50 kun» maxsus profilaktik tadbiri davomida bozorlar, korxona va tashkilotlar, oʻquv va davolash muassasalari hamda jamoat joylarida oʻrganish ishlari olib borilib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha zarur choralar koʻrildi. Xonadonlarda pasport-viza hamda ov qurollarini saqlash va undan foydalanish qoidalariga rioya etilishi yuzasidan tekshirishlar oʻtkazildi. 

Muqaddam sudlangan, jinoyat sodir etishga moyil boʻlgan hamda profilaktik hisobga olingan shaxslar bilan yakka tartibda suhbatlar olib borildi. Jinoyat sodir etib, tergov va sud organlaridan yashirinib yurgan qidiruvdagi shaxslarni izlab topish va jazo muqarrarligini taʼminlash maqsadida tezkor tadbirlar amalga oshirildi. Yoʻl harakati hamda yongʻin xavfsizligi qoidalariga rioya etmagan shaxs­larga nisbatan ham tegishli hujjatlar rasmiylashtirildi. 

Oʻtkazilgan tezkor tadbir­da shuningdek, Jinoyat kodeksi­ning tegishli moddasida koʻrsatilgan jinoyatni sodir qilib, tergov va sud organlaridan yashirinib yurgan yangiariqlik X.X. Urganch shahrida qoʻlga olinib, tergov hibsxonasiga joylashtirildi. Hazorasp tumani IIB TQX Jinoyat qidiruv guruhi xodimlari oʻtkazgan tezkor tadbirda esa «Buyuk siymo» mahallasida yashovchi K.T. oʻz xonadonida 30250 dona «Britanik» yozuvli pirotexnika vositasi, «Milano» yozuvli 1749 quti tamaki mahsulotini qonunga xilof ravishda saqlab kelayotgani maʼlum boʻldi. 

Umuman olganda, tadbir davomida turli huquqbuzar­liklar sodir etgan 53213 nafar shaxsga nisbatan maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirildi. Shundan belgilangan qonun talablarini buzgani uchun 231 nafar shaxsga nisbatan maʼmuriy qamoq jazosi tayinlandi. Jinoyat sodir etib, sud hamda tergov organlaridan qochib yurgan 37 kishi qoʻlga olinib, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar ixtiyoriga topshirildi. Ochilmay kelinayotgan 24 ta jinoyat fosh qilindi. Shuningdek, tadbir davomida ijtimoiy yordamga muhtoj boʻlgan oilalar ham aniqlanib, ularga tegishli tashkilotlar hamda muassasalar homiyligida amaliy koʻmak berildi. 

Xudoybergan JABBOROV,

oʻz muxbirimiz.

Xorazm viloyati.