Kun qahramoni
Murodjon Bayjanov 1975 yilda Xiva tumanidagi Sayyod qishlogʻida tugʻilgan. 1996 yil Xorazm viloyati IIB PPX va JTSBga xizmatga qabul qilingan. 2003 yil viloyat IIB PPX va JTSB PPX bataloni ijtimoiy-siyosiy, ommaviy-madaniy tadbirlarni oʻtkazishda xavfsizlikni taʼminlash maxsus otryadida xizmat faoliyatini davom ettirgan. 2013 yildan buyon viloyat IIB PPX va JTSB PPX bataloni 2-otryad boʻlinma komandiri vazifasida xizmat qilmoqda.
Serjant Murodjon Bayjanov zimmasiga yuklatilgan vazifalarga masʼuliyat bilan yondashib, oʻz vaqtida bajarishga astoydil harakat qiladi. Shuningdek, u xizmat faoliyati davomida koʻplab yosh xodimlarga ustozlik qilib, ularning bilim va kasbiy mahoratini oshirishga munosib hissa qoʻshib kelmoqda.
Qahramonimiz oʻtgan yil davomida turli huquqbuzarliklar sodir etgan hamda shubha ostiga olingan 1148 nafar fuqaroning shaxsini aniqlash maqsadida ichki ishlar organlari tayanch punktiga olib kelgan. Shundan 17 nafariga profilaktika inspektorlari tomonidan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilgan, 21 nafari narkologiya dispanseriga joylashtirilgan. Serjant Murodjon Bayjanov sodir etilgan jinoyatlarni “issiq izi”da fosh etishda, muqarrar jazodan yashirinib yurgan kimsalarni qoʻlga olishda ham faol ishtirok etib kelayapti.
Notanish kimsalar Urganch shahridagi Partov koʻchasida joylashgan doʻkon eshigini buzib, u yerdan bahosi 1 million 770 ming soʻmlik turli buyumlarni oʻgʻirlab ketishadi. Hodisa joyi yaqinida xizmat vazifasini oʻtayotgan PPX bataloni 2-otryad boʻlinma komandiri, serjant Murodjon Bayjanov oʻgʻirlik tafsilotini eshitgach, hamkasbi bilan oʻsha xududni darhol nazoratga olishadi. Oradan koʻp vaqt oʻtmay, koʻp qavatli binolar orasida shubhali kimsa paydo boʻladi. Boʻlinma komandiri hamrohiga oʻsha kimsani taʼqib qilishni buyuradi va oʻzi “tungi sharpa”ga peshvoz chiqadi. Kutilmagan bu holatdan sarosimaga tushgan oʻgʻri qoʻlidagi qopni tashlab qochmoqchi boʻladi. Ammo osoyishtalik posbonlari uni bir zumda qoʻlga olishadi.
Serjant M. Bayjanov koronavirus pandemiyasi sabab ogʻir va sinovli damlarda fuqarolar salomatligini muhofaza qilish maqsadida oʻtkazilgan koʻplab tadbirlarda faol ishtirok etdi. Xayriya aksiyalarida, targʻibot tadbirlarida qatnashdi. Xizmat vazifasini bajarishda hamkasblariga oʻrnak boʻlayotgan bu yigit bir necha bor boshqarma rahbariyati tomonidan ragʻbatlantirilgan.
Qahramonimiz joriy yilning yanvar oyida jamoat tartibini saqlash, jinoyatchilikka qarshi kurashishdagi fidoyi xizmati uchun Ichki ishlar vazirligi tomonidan II-darajali “Ichki ishlar oganlarida benuqson xizmatlari uchun” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi.
Xudoybergan JABBOROV,
“Postda” muxbiri.
Xorazm viloyati.
Asror JUMANIYOZOV olgan surat.
