Salomatlik saboqlari

Xalqimizning Navroʻz bayrami bilan bogʻliq koʻplab urf-odat, anʼana va marosimlari bor. Ana shunday qadriyatlarimizdan biri sumalak saylidir. Sumalak moʻʼjizakor taom sanalib, qahraton qishdan chiqqan insonlar uchun darmonsizlik, ilik uzildi payti madad kuchiga aylangan. Buyuk alloma Abu Ali ibn Sino bahorni inson umrining shifobaxsh davri deb atagan. U bu davrda odamlar fasliy toliqishni yengish uchun turli xil don, koʻkat va giyohlar, meva va sabzavotlar hamda ulardan tayyorlangan taomlarni isteʼmol qilishini maslahat bergan. Negaki, bu mahsulotlar tarkibida tana faoliyati uchun foydali vitaminlar, oqsil, efir moylari, temir, fosfor, kalsiy kabi elementlar, biologik faol moddalar mavjud.

* Bugʻdoy koʻkatidan tayyorlanadigan darmondorilarga boy sumalak bahorning eng sevimli va shifobaxsh taomi hisoblanadi. Unda inson aʼzolariga osonlik bilan singadigan, qon, limfa suyuqliklariga soʻriladigan hayotbaxsh ozuqalar mavjud. 

* Sumalak quvvatbaxsh boʻlish bilan birga, xafaqon xastaligiga ham shifodir. U qon tarkibini yaxshilaydi, qonni suyultiradi. 

* Olimlarning taʼkidlashicha, sumalak gipertoniya, gepatit, buyrak, meʼda-ichak xastaliklariga yaxshi davo boʻlib, qon tarkibini yaxshilab, meʼda-ichak faoliyatini meʼyorga keltiradi, asabni tinchlantiradi, yaxshi uxlatadi. 

* Sumalak – shirin taom boʻlsa-da, hazmi qiyin, ogʻir taomlar sirasiga kiradi. Oshqozonida muammosi bor bemorlarga uni yeyish tavsiya etilmaydi. Sababi, oshqozon kislotasini oshirib, jigʻildonni qaynatadi. Garchi, sumalak tabiiy mahsulotlardan tayyorlansa-da, oshqozon-ichak xastaliklarini kuchaytirishdan tashqari, sovuqlikni oshirib yuborishi mumkin. 

* Glyuten moddasiga allergiyasi borlar, qandli diabet hamda ogʻir jarrohlik muolajasini kechirgan bemorlar sumalak isteʼmol qilmasligi maqsadga muvofiq.

* Bolalar shifokorlari, uch yoshdan kichik bolajonlarga sumalak berishni tavsiya etmaydi. Besh yoshdan oshgan bolalarga bir kunda 50 gramm sumalak kifoya. Tomoq ogʻrigʻi, laringiti bor kichkintoylar iloji boricha bu shirin taomdan tiyilgani maʼqul. 

* Sumalakni sut va sut mahsulotlari, asal, asalari mumi bilan birgalikda yeyish taqiqlanadi.

* Sumalak kuchli kaloriyali taom. Shuning uchun ozish niyatida parhez tutayotganlarga ham tavsiya etilmaydi. 

* Barcha mahsulotlar kabi sumalakning ham yaroqlilik muddati bor. Yaxshi pishgan sumalakni uzogʻi bilan 6–7 kun saqlasa boʻladi. Keyinchalik esa uning tarkibida patogen mikroblar toʻplanishi mumkin. Bu esa, oʻz navbatida, organizmning zaharlanishiga sabab boʻladi. 

* Sumalakni juda issiq yoki muzdek holatida ham isteʼmol qilib boʻlmaydi, har ikkisi ham organizmga zararli taʼsir koʻrsatadi. Shu bois, yeyishdan biroz avval kerakli miqdordagisini olib xona haroratida ilitib yegan maʼqul.

* Sumalakni iloji boricha qorongʻi va salqin joyda saqlang. Idishga solayotganda u toza, yogʻsiz, quruq boʻlishiga ahamiyat bering.   

Adolat FAYZIYEVA tayyorladi.