MASHHURLAR HAYOTI
Jo Bayden ayni paytda 78 yoshda va u AQSHning eng keksa prezidenti. Aslida, Baydenda oldin ham AQSH rahbari sifatida saylanish imkoniyati boʻlgan. Biroq taqdirning turli zarbalari bunga izn bermagan...
Jozef (Jo) Bayden (toʻliq ismi Jozef Robinet Bayden) 1942 yil 20 noyabrda AQSHning Pensilvaniya shtati, Skranton shahrida tugʻilgan. 1952 yilda u oilasi bilan Delaver shtatiga koʻchib oʻtgan.
1965 yilda Delaver universitetining tarix va siyosiy fanlar boʻyicha bakalavr darajasini tamomlagan. 1968 yilda Nyu-York shtatidagi Sirakuza universiteti yuridik fakultetini yuridik fanlari doktori darajasida tugatgan. 1969-1972 yillarda u Delaver shtatida Uilmington shahridagi jamoat himoyachisi idorasida advokat boʻlib ishlagan. Keyin oʻzining yuridik firmasini tashkil qilgan.
1972 yilda Bayden tajribali respublikachi Jeyms Kaleb Boggs bilan Delaver shtatidan senatorlikka daʼvogarlik qilayotgan payt edi. Saylovoldi budjetining juda kamligiga qaramay, u saylovlarda gʻolib chiqadi. Biroq oradan bir necha hafta oʻtgach yosh siyosatchining hayotini abadiy oʻzgartirgan fojia yuz berdi: uning rafiqasi Nelia va bir yoshli qizi Naomi avtohalokatda halok boʻldi. Oʻgʻillari Bo va Xanter jiddiy jarohat oldi.
Avvaliga Bayden senatorlikdan ketmoqchi boʻladi. Ammo u oʻgʻillari yotgan kasalxonada senatorlik qasamyodini qabul qiladi. Yosh senator har kuni Delaverdan Vashingtonga, Vashingtondan Delaverga poyezdda qatnaydi. Keyin Bayden hozirgi rafiqasi Jil Jeykobsga uylangan. Ularning bir qizi (Eshli Bayden) bor.
1988 yilda Baydenga miya tomirlari anevrizmasi tashxisi qoʻyilib, ogʻir ahvolda kasalxonaga yotqizilgan hamda shoshilinch operatsiya qilingan. Oradan yetti oy oʻtgach u Senatga qaytishga muvaffaq boʻldi.
Hayotning ogʻir sinovlari Baydenni taʼqib qilishda davom etdi. 2015 yilda u prezident Baraka Obama maʼmuriyatida vitse-prezidenti boʻlib ishlagan vaqtda toʻngʻich oʻgʻli Bo Bayden miya saratonidan vafot etadi. Ushbu ayriliq sabab Bayden 2016 yilgi prezidentlik saylovlarida nomzodini qoʻyish fikridan qaytgan.
Madina Qahhorova tayyorladi.
