Shu kunlarda Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining oʻrinbosari, Jamoat xavfsizligi departamenti boshligʻi, polkovnik B.Abdullaev boshchiligidagi ishchi guruh Fargʻona viloyatida boʻlib turibdi.
Kun kecha vazirlik ishchi guruhi bilan hamkorlikda Fargʻona shahrida “Targʻibot avtokarvoni” tashkil etildi.
Insonda shunday odat borki, qilmishning oqibatini tushunib yetmagunicha yoki koʻzi bilan koʻrmagunicha undan qaytmaydi. “Targʻibot avtokarvoni”ning maqsadi fuqarolarga yoʻl harakati qoidalariga amal qilmaslik qanday ayanchli oqibatlarga olib kelishini koʻrsatish va shu orqali ularni xushyorlikka chorlash boʻldi.
Avtokarvon gavjum joylarda bir muddat toʻxtaganida mutaxassislar tomonidan fuqarolarga yoʻllarda harakatlanish madaniyati targʻib qilindi.
Fargʻona viloyati IIB YHXB Axborot xizmatining maʼlum qilishicha, shu kuni Ichki ishlar vazirining oʻrinbosari Fargʻona shahridagi “Avtomobilist” xususiy korxonasiga tegishli avtomobillarga gaz quyish shaxobchasi va “Fargʻona texnik koʻrik” xususiy korxonasiga qarashli transport vositalarini texnik koʻrikdan oʻtkazish diagnostika markazlari faoliyati bilan ham tanishgan.
Abduvosit SIDIQOV,
“Postda” muxbiri.
Fargʻona viloyati.
