Qorakoʻlni tarixda Paykent, Baykand va Qorakoʻl deb ham atashgan. Bir necha ming yillik «Zamon bobo» madaniyati ham Paykentda joylashgan. Paykent islom dini kirib kelishidan oldin turk xoqonliklari davrida saltanat markazlaridan boʻlgan. Arab tilida «p» harfi mavjud boʻlmagani uchun uni arab manbalarida «Baykand» deb atay boshlashgan. X asrda yashab ijod qilgan tarixnavis olim Narshaxiy Paykent haqida quyidagicha yozadi: Baykant (Paykant) – buni shaharlar jumlasidan deb hisoblaydilar...
Arslonxon Muhammad ibn Sulaymon oʻz davrida Baykantni qayta qurishga buyurdi, koʻplab oliy imoratlar va xoqon (Arslonxon) uchun juda hashamatli saroy qurildi. Baykandda juda koʻplab qamishzorlar va suv halqoblari tutashgani uchun uni «Keng havz» deganlar, Qorakoʻl ham deb atashgan».
Zahiriddin Muhammad Boburning «Boburnoma» asarida Qorakoʻl viloyat deb, Muhammad Solihning «Shayboniynoma» kitobida «Koʻchasi va qoʻrgʻoni mustahkam shahar» deya taʼriflangan. 1821-yilda Amir Nasrullohxon imzosi boʻlgan hukmnomada ham Qorakoʻl viloyat deya yozilgan. Amir Haydar oʻlimidan soʻng Buxoroga kelgan E. Berns mangʻitlar mamlakatini 9 ta viloyatga boʻlgan. Unda ham Qorakoʻl viloyat sifatida taʼriflangan.
1914–1916-yillarda amir qushbegisi tomonidan maʼmuriy birliklar qayta roʻyxatdan oʻtkazilgan, unda Qorakoʻl tuman oʻlaroq qayd qilingan. 1926-yil 29-sentabrda Buxoro viloyati tarkibidagi tuman sifatida Qorakoʻl tumani qayta tashkil qilindi.
