Aslida, yetilib pishgan va mazali tarvuzni meʼyorida yeyish yon taʼsirlar keltirib chiqarmaydi. Suyuqlik ushlab qolinishi va shishish bilan kechuvchi yurak kasalliklarida, oshqozon-ichak trakti faoliyati buzilganda va qulunj xastaligida ham tarvuz isteʼmolini jiddiy nazorat qilgan maʼqul. Ushbu mahsulotni meʼyoridan ortiq yeyish koʻngil aynishi, ich ketishi, oshqozonda bezovtalik, qorin shishishi va dam boʻlishiga olib kelishi mumkin.
Shuningdek, peshob-tosh kasalligi, prostata bezi adenomasi aniqlangan yoki operatsiyadan keyingi davrda boʻlgan bemorlar nihoyatda oz miqdorda tarvuz isteʼmol qilishi lozim, aks holda salbiy oqibatlar kuzatilishi mumkin.
Qonda kaliy miqdori oshganda, jiddiy giperkaliyemiya (qonda yurak ritmining buzilishiga sabab boʻladigan kaliy kontsentratsiyasining ortishi) kuzatilganda kuniga qariyb 150 g tarvuz bilan cheklaning. Bundan tashqari, baʼzi insonlarda unga allergiya mavjud. Bu vaziyatda tarvuz isteʼmoli qatʼiyan man etiladi.
Sogʻlom inson uchun tarvuz meʼyori kuniga 0,5 kilogrammgacha boʻlishi mumkin. Lekin eng yaxshisi, bu miqdorni bir necha qismga boʻlib, kun davomida tamaddi qilgan maʼqul. Ovqat hazm qilish bilan bogʻliq muammolar yuzaga kelmasligi uchun uni boshqa taomlardan ayro holda yeyish maqsadga muvofiqdir.
Gulchehra AZIMOVA tayyorladi.
