Yoʻl harakati xavfsizligini samarali va ishonchli taʼminlash maqsadida safdor Nurmurod Asadovga Navoiy shahridagi «Umid» va «Bahor» mahallalari biriktirilgan. Oʻtgan yili «sariq» toifaga kiritilgan «Bahor» MFYda olib borilgan ishlar samarasi oʻlaroq joriy yilda umuman yoʻl-transport hodisasi kuzatilmadi. Vaholanki, mahallada jami 4674 nafar aholi istiqomat qilib, ularning 600 nafardan ortigʻida avto­ulov bor. 

– Yoʻl-trans­port hodisalaridan koʻplab fuqarolar jabr koʻrmoqda. Ayniqsa, ular orasida bolalarning borligi achinarli hol. Tahlillarga koʻra, avtohalokatlarning aksar qismini malakasiz haydovchilar sodir etadi. Shuning uchun oʻzimga biriktirilgan hududda yashov­chi, qayta-qayta yoʻl harakati qoidalarini buzgan haydov­chilar bilan alohida ish olib boraman. Mahallada qoidabuzarlar ishtirokida muhokamalar va targʻibot tadbirlarini oʻtkazamiz, – deydi safdor Nurmurod Asadov. 

Hududda bitta umumtaʼlim maktabi, uchta maktabgacha taʼlim tashkiloti mavjud. Inspektor mazkur muassasalarda profilaktik tadbirlarda bolalar va oʻsmirlarga yoʻl harakati qoidalarini tushuntiradi. Bunda piyoda va velosipedchilarning majburiyatlarini tushuntirishga alohida eʼtibor qaratadi.

Mahalla ahli Nurmurod Asadov­ni yaxshi taniydi. Shuning uchun qoidabuzarlikning guvohi boʻlgan yoki bundan xabar topganlar birinchi boʻlib unga qoʻngʻiroq qilishadi. Vaqtining aksar qismini shu mahallada oʻtkazadigan inspektor YHX sohasida barcha bilganlari va qonunchilikdagi oʻzgarishlar bilan aholini tanishtirib borishga odatlangan. 

– Nurmurod Asadovning xizmatidan bar­chamiz mamnunmiz. Bolalarimizdan koʻnglimiz toʻq. Boisi ularga yoʻlda qanday harakatlanish lozimligi, yoʻl belgilari boʻyicha tushuntirishlar olib borishdan erinmaydi. Bolalar oʻrtasida «Yashil chiroq» tanlovini tashkil etish boʻyicha ham tashabbus koʻrsatadi, – deydi mahalla raisi Inomjon Toyirov.

Inspektor yaqinda mahalla idorasi yonida YHX oʻquv mashgʻulotlari uchun maydoncha tashkil etish taklifini berdi. Uning tashabbusini mahalla faollari qoʻllab-quvvatladi.

Mahliyo XOLOVA,

oʻz muxbirimiz.

Navoiy viloyati.