Ayol va jamiyat

Jamiyatimizning har jabhasida bor bilimu salohiyatini yangi tashabbuslariga qanot deb bilib faoliyat yuritish barobarida, oilasini mehr-muhabbati bilan ardoqlaguvchi opa-singillarimiz juda koʻp. Andijon shahri boʻyicha IIOFMB Huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻlimi xotin-qizlar masalalari boʻyicha katta inspektori, kapitan Barnoxon Mirzayeva ham shunday ayollardan biri.

U oʻzining qatʼiyati, kasbiga sadoqatini xizmat jarayonidagi amaliy ishlari bilan isbotlagan. Ayniqsa, tajribali xodima sifatida jamoat tartibini saqlash, sohaviy va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyishda oʻziga xos takliflari bilan jamoada hurmat qozongan. Shuningdek, Barnoxon shahar hududida ijtimoiy-siyosiy va kriminogen vaziyat barqarorligini taʼminlash, ekstremizmga qarshi kurash, huquqbuzarliklar va jinoyatchilikning oldini olish, sodir etilganlarini «issiq izidan» fosh etish, qidiruvda boʻlgan shaxslarni ushlash, doimiy yashash joyini uzoq muddatga tark etgan xotin-qizlarni aniqlash va ularni hisobga olish boʻyicha bir qator ijobiy ishlarni amalga oshirib kelmoqda. Shu bois hamkasblari uni zimmasiga yuklatilgan vazifalarni sidqidildan ado etuvchi xodima sifatida nihoyatda qadrlaydi.

Darvoqe B. Mirzayeva mahoratli sportchi. U Oʻzbekiston karate milliy federatsiyasi aʼzosi, 1-DAN qora belbogʻ sohibasi, 3 karra Oʻzbekiston chempioni va 2 karra xalqaro musobaqalar gʻolibasi, sportning qoʻl toʻpi turi bilan ham shugʻullanib, 2002 yilda «Eng yaxshi darvozabon» sertifikatini qoʻlga kiritgan. Bir necha yillardan buyon xodimalar oʻrtasida oʻtkazilayotgan koʻpkurash sport musobaqalarida faxrli oʻrinlarni egallab kelmoqda. 

Qahramonimiz oʻzining birinchi iqtidor qirrasi bilan sportdagi yutuqlariga erishgan boʻlsa, uning adabiyotga oshno qalbida mavjlanib, qogʻozga koʻchgan sheʼr va hikoyalari, «Oy shuʼlasi»nomli sheʼriy toʻplami ikkinchi bir isteʼdodidan darak.

Toʻmarisning shijoati, Bibixonimning aqlu zakovati, beshik quchib aytgan allasining har baytida dilbandiga maʼrifat ulashish har bir oʻzbek ayolining fitratiga singib ketgan. Yurtimizda xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida oʻtkazilishi anʼanaga aylangan «Yil ayoli» koʻrik-tanlovi ayollarga har jihatdan qobiliyat va tashabbuslarini namoyish etish imkonini bermoqda. Kapitan Barnoxon Mirzayeva ham 2017 yilda ushbu tanlovning respublika bosqichida «Yilning vatanparvar ayoli» nominatsiyasi gʻolibi boʻlib, masʼuliyati ogʻir kasbida sobitqadam ekanligini yana bir bora namoyish eta bilgan. 

Fidoyi xodima tazyiq va zoʻravonlikka uchragan xotin-qizlarga himoya orderi berish, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boshqarmasi hamda mutasaddi idora vakillari bilan oilalarni yarashtirish, kam taʼminlangan ayollarga moddiy tomondan koʻmaklashish, ayollar bandligini taʼminlash masalalariga tezkorlikda yechim topishga harakat qiladi. 

Barnoxonning turmush oʻrtogʻi, «Jasorat» medali sohibi, katta serjant Joʻrabek Boymirzayev ayni paytda Andijon viloyati IIB TVBSO katta mutaxassisi sifatida xizmat olib boradi. Ular totuvlikda bunyod etgan oila oshyonida toʻrt farzandini hamjihatlikda avaylab, ardoqlab ulgʻaytirmoqda. Barnoxon ingliz tili bilimdoni sifatida farzandlarining xorijiy tillarni oʻzlashtirishiga alohida eʼtibor qaratsa, Joʻrabek ularni sportga oshno etuvchi jonkuyar murabbiy. Xullas, bu ikki masʼuliyati ogʻir kasb egalari farzandlarini yetuk shaxs sifatida ulgʻaytirish, el koriga yelka tutguvchi insonlar boʻlib yetishtirish niyatida jon koyitadi. 

Hayot turfa ranglardan iborat. Inson ulgʻaygani sari uni yorqinroq his qiladi. Buni kapitan Barnoxon Mirzayeva oʻzining intilishlari, gʻayrat-shijoati, shu aziz tuproqqa boʻlgan farzandlik mehr-muhabbati, hayotchan nigohi bilan anglashda davom etmoqda. Uning: 

Salobating yuksak, odiming dadil,

Cheksiz sadoqatim mehrimga jodir.

Tasviring chizmakka qaysi rang qodir?

Vatan, suvratingni chizgim keladi, 

deya bitgan misralaridan buni qalban his etish mumkin.

Gulnoza TURGʻUNBOYEVA,

«Postda» muxbiri.