Gʻijduvon tumani IIB boshligʻining oʻrinbosari – tergov boʻlimi boshligʻi, podpolkovnik Jasurbek Rustamov omadli insonlardan. Ularning uyida qoʻshaloq bayramga aylanib ketdi. Qizi Vazira Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasining jahon iqtisodiyoti va xalqaro iqtisodiy munosabatlar fakultetiga grant asosida oʻqishga kirdi. Oʻzi Prezidentimiz farmoniga koʻra, «Sodiq xizmatlari uchun» medali bilan mukofotlandi.
Berdaq nomidagi Qoraqalpogʻiston davlat universitetining huquqshunoslik fakultetini tugatgan Jasurbek bir yil davomida oʻzi tugʻilib oʻsgan Shofirkon tumani IIB tergov guruhida jamoatchi yordamchi sifatida xizmat olib bordi. Soʻng IIV Akademiyasi Serjantlar tarkibini tayyorlash boʻyicha oliy kurslarini tamomladi.
Oʻtgan davr mobaynida jinoyatchilikning oldini olish, fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilishda samarali xizmat qilgan qahramonimizning yuksak salohiyati, tashabbuskor hamda jonkuyarligi doimo rahbariyatning eʼtibor va eʼtirofida. Xizmat faoliyati davomida koʻplab yosh xodimlarga ustozlik qilmoqda, soha sirlarini oʻrgatmoqda. Buning uchun, avvalo, ustozlari, isteʼfodagi mayor Sadriddin Boltayev va podpolkovnik Jamshid Tangriyevlardan minnatdor. Zero, erishgan yutuqlarida ularning munosib hissasi bor.
Yurt tinchligi, xalq osoyishtaligini taʼminlashdek sharafli vazifani sidqidildan ado etayotgan podpolkovnik Jasurbek Rustamov oʻzining fidoyiligi bilan obroʻ-eʼtibor topdi, hamkasblarining hurmat-izzatiga sazovor boʻldi. Mustaqillik bayrami arafasida davlatimiz rahbarining farmoniga asosan «Sodiq xizmatlari uchun» medali bilan taqdirlandi.
– Vazirimiz qoʻlidan mukofotni qabul qilib olarkanman, salkam 20 yillik xizmat faoliyatim koʻz oldimdan tasma misol oʻtdi, – deydi podpolkovnik J. Rustamov. – Yana shuni bildimki, hech bir harakatingiz beiz ketmas ekan. Har bir xizmat oʻz munosib bahosini olishiga amin boʻldim.
Yuksak mukofot sohibi nafaqat xizmatda oʻrnak, balki oilada ham ibratli ota. Turmush oʻrtogʻi Dilnavozxon bilan birga Asilbek va Vaziraxonlarni el koriga yaraydigan inson qilib tarbiyalashdi. Soha fidoyisi boʻlgan lavhamiz qahramonining zahmatli xizmati hali koʻp bor tilga olinishiga aminmiz.
Mirzoqul AHADOV,
oʻz muxbirimiz.
Buxoro viloyati.
