Shu yilning 8-avgust kuni soat 01:30 larda Qorakoʻl tumani markazida tungi xizmatga jalb etilgan viloyat IIB JXX JTSB PPX batalʼoni tumanlararo boʻlinmasi xodimi, safdor Shahzod Saidov hamda tuman IIB JXX HPB profilaktika inspektori, katta leytenant Habib Abdurahmonovlar oʻzlariga biriktirilgan yoʻnalishda xizmat olib borishayotganida tuman Markaziy shifoxonasining gemodializ boʻlimi roʻparasidagi travmpunkt binosining orqa tomonidan oʻtayotganlarida chaqaloq yigʻisini eshitib qolishadi. Darrov atrofni sinchkovlik bilan koʻzdan kechirishadi. Buni qarangki, devor yonida yashil rangli paket ichida oʻgʻil bola jinsiga mansub chaqaloqni koʻrishadi.
Osoyishtalik posbonlari zudlik bilan chaqaloqni tuman Tibbiyot birlashmasi bolalar boʻlimiga keltirishadi. Chaqaloq shifoxonaga yotqizilib, birinchi tibbiy yordam koʻrsatiladi va soha mutaxassislari nazoratiga olinadi. Ularning aytishicha, chaqaloq taxminan 3–5 kunlik sogʻlom holatda ekan.
Mazkur holat yuzasidan tuman IIB xodimlari tomonidan olib borilgan kechiktirib boʻlmas tezkor surishtiruv harakatlari davomida ushbu chaqaloq 2023 yilning 4 avgust kuni yashash xonadonida hech qanday tibbiyot xodimlarisiz soat taxminan 08:00 lar atrofida dunyoga keltirilgan va 7 avgust kuni soat 21:00 atrofida onasi: 1995 yilda tugʻilgan, Qorakoʻl tumani “Mirob” mahallasida yashovchi B.Z. ismli ayol tomonidan tashlab ketilgani fosh etildi. Hozirgi paytda holat hamda uni keltirib chiqargan sabab va omillarni aniqlash yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilyapti.
Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati.
