Masalan, Sulton (ismlar oʻzgartirildi) IIV huzuridagi JIED Birinchi mintaqaviy hudud 7-sonli JIEKda jazo muddatini oʻtayotgan vaqtda shum reja tuzadi. Yaʼni ozodlikdagi tanishi orqali muassasa hududiga giyohvandlik vositasi olib kirishga urinadi. Qanday qilib deysizmi? Uning tanishi olib kelayotgan oziq-ovqat mahsulotlari ichidagi olmalar shubhali edi. Zahri qotilni olmalar orasiga dumaloq shaklda qilib joylashtirgani uchun buni hech kim sezmaydi, deb oʻylagan, shekilli. Ammo qilni qirq yoradigan tezkor xodimlarning hushyorligi, sinchkovligi tufayli ularning rejasi amalga oshmay qoldi.
Odatda firibgarlar qandaydir muammosiga yechim izlayotgan shaxslarning ishonchiga kirishadi. Shunday ustomonlik bilan avrashadiki, jabrlanuvchilar qanday qilib ularning toʻriga tushganini bilmay qolishadi.
Birinchi mintaqaviy hudud 49-sonli manzil-koloniyada jazo muddatini oʻtayotgan Hoshimning qadam bosishi soʻnggi paytlarda shubhali tus ola boshladi. Buni payqagan xodimlar nazoratni kuchaytirdilar. Muassasaning Ohangaron tumanida joylashgan shartnoma obyektiga foydali mehnatga jalb qilingan Hoshim Ohangaron shahrida yashovchi Roza ismli qiz bilan telefon orqali tanishib, unga yuqori turuvchi idoralarda yaqin tanishlari borligini aytadi. Ana shu tanishlari orqali Rozani ichki ishlar organlari xizmatiga yoki Tibbiyot oliygohiga oʻqishga kiritib qoʻyishni vaʼda qiladi. «Xizmat haqi»ga esa 2000 AQSH dollari soʻraydi. Joriy yilning 6-iyun kuni mahkum qizdan pullarni olayotgan vaqtda tezkor xodimlar tomonidan qilmishi fosh etiladi.
Denis hamda Abdurahmon Birinchi mintaqaviy hudud 13-sonli JIEKda tanishgan edilar. Keyinchalik Denis ozodlikka chiqadi, Abdurahmon esa 44-sonli manzil-koloniyaga yuboriladi. Ular telefon orqali suhbatlashib, bir-birlaridan hol-ahvol soʻrashib turishardi. Ana shunday suhbatlarning birida Denis suhbatdoshiga yuqori lavozimda ishlaydigan tanishlari borligini, ular koʻmagida haydovchilik guvohnomasini imtihonsiz olib bera olishini aytadi. Buning evaziga esa 1500 AQSH dollari soʻraydi. Ular shu yilning 3 iyul kuni muassasaning qisqa muddatli uchrashuv xonasida koʻrishadilar. Shu kunning oʻzida kelishilgan pullarni olayotgan vaqtda qoʻlga tushgan «hojatbaror» ozodlik neʼmatiga toʻyishga ulgurmay, yana muassasaga qaytadigan boʻldi.
Navbatdagi «qahramon» esa tap tortmay jazoni ijro etish tizimining yuqori lavozimlarida ishlaydigan tanishlari borligini aytib, firibgarlikka qoʻl urdi. Uchinchi mintaqaviy hudud 37-sonli manzil-koloniyada jazo muddatini oʻtayotgan Nilufar boshqa bir mahkumning ishonchiga kirishga urinib, uni tanishlari orqali yashash manziliga yaqin muassasaga oʻtkazib qoʻyishini aytadi. Evaziga esa 1000 AQSH dollari soʻraydi. Biroq qarshisidagi shaxs ham anoyilardan emasdi. U «Shunchalik kuching bor ekan, nega oʻzing bu yerda oʻtiribsan?!» deb oʻylaydi ichida va zudlik bilan ushbu holatni tegishli xodimlarga bildiradi. Ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olingan «hojatbaror»ga esa «tanishlari» yordam bera olmadi.
Xalqimizda «Koʻr hassasini bir marta yoʻqotadi», degan purmaʼno naql bor. Afsuski, biz yuqorida aytib oʻtgan kimsalar noqonuniy qilmishlari uchun jazo muqarrarligini bilaturib, yana jinoyatga qoʻl urdilar. Nahotki, ular jazoni ijro etish muassasasida olib borilayotgan tarbiyaviy-profilaktik tadbirlardan tegishli xulosa chiqarishmasa?! Nahotki, ozodlikda yashashning qadrini bilishmasa?!
Xullas, hayotda takror-takror qoqilmaslik uchun inson hayotga bir marta kelishini, yaxshi yashash uchun halol mehnat qilish kerakligini, goʻzal amallar bilan oʻzidan yaxshi nom qoldirishi kerakligini oʻylashi lozim. Modomiki, kishi oqibatini oʻylamay, qingʻir ishga qoʻl urar ekan, qonuniy jazoga tortilishi muqarrardir.
Dilshod SHAMURATOV,
podpolkovnik.
