Bugungi kunda mamlakatimizda huquq-tartibot organlari xodimlarining xizmatini munosib baholash, ularning oilalariga, xususan, farzandlariga yaratib berilayotgan imkoniyatlar eʼtibor markazida. Ana shunday ezgu tashabbuslardan biri – ichki ishlar xodimlari farzandlariga oliy taʼlim muassasalariga kirishda tavsiyanomalar taqdim etilayotganidir. Viloyat ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan 169 nafar xodimlarning 185 nafar farzandlariga oliy taʼlim dargohlariga oʻqishga kirishlari uchun tavsiyanomalar topshirildi. Viloyat IIB boshligʻi, polkovnik Rahmat Mamatov yoshlarga tavsiyanomalarni tantanali tarzda taqdim etar ekan, ular uchun yaratilgan qulayliklarni eʼtirof etdi. 

 Umumtaʼlim maktabini tamomlab oliy taʼlimga kirish – muhim va masʼuliyali qadamdir. 185 nafar yoshlarning ichida Marjona Latipova ham bor. U Samarqand Davlat chet tillar institutiga oʻqishga kirish istagida. Bu yoshlarga berilgan ishonch, imtiyoz va imkoniyatdir. 

 Bu oddiy bir hujjat emas. Bu mehnat va sadoqatga nisbatan eʼtirof ramzi. Bu tavsiyanoma orqali yoshlar faqat oliygohga kiribgina qolmaydi, balki uning ortida otasining yoki onasining yurti uchun qilayotgan fidokorona xizmatlari, xavf-xatarlarga qarshi turgan onlari ham bor. Bu adolat, bu eʼtibor, bu xalq va davlat birdamligining timsoli.

Shu oʻrinda farzandining taʼlim olishi uchun berilayotgan tavsiyanoma ichki ishlar tizimida xizmat qilayotgan har bir ota-onaga oʻz kasbiga sadoqat, kelajakka ishonch bagʻishlashini ham taʼkidlash joiz.

Samarqand viloyati.