Nuroniy otaxonlarimiz «birovning haqqiga xiyonat qilma», «tekin luqma teshib chiqadi» deya koʻp nasihat qilishadi. Ammo bu nasihatlarga quloq tutmaydigan, oʻz nafsini jilovlay olmaydigan kimsalar uchrab turadi.

Poytaxtimizdagi nufuzli idoralarning birida ishlaydigan Sherbek Joʻraev (ism-sharifi oʻzgartirildi) ham ana shundaylar sirasidan boʻlib chiqdi. U amakivachchalar Shoxruh va Shorasul Inoyatovlarni Janubiy Koreyaga ishga joʻnatishini aytib, ularning 6 ming AQSh dollarini qoʻlga kiritadi. Oradan uzoq vaqt oʻtishiga qaramay, vaʼdasining ustidan chiqmaydi, aksincha, olgan pullarini oʻz ehtiyoji yoʻlida ishlatib yuboradi. 

Andijonlik Ismoil Ergashev esa Samarqand shahrida yashovchi tadbirkor Rashid Egamovdan uning xorijdan keltirilgan 1 milliard 

840 million soʻmlik sit­rus mevalarini sotib berishini aytib, mahsulotlarni olib ketadi. Biroq mevalar sotib boʻlingach, pulning bir qismini beradi, xolos. Qolgan 1 milliard 511 million soʻmini «uxlatib» ketadi.

Yana bir holat. Toshkent shahrida yashovchi Ruslan Hayitov tanishlari – Munira Jalilova va Kamoliddin Masharipovga birgalikda mineral oʻgʻit savdosi bilan shugʻullanishni taklif qilib, ulardan 670 ming AQSh dollarini naqd sanab oladi. Katta mablagʻni osongina qoʻlga kiritgan firibgar pullarni choʻntakka urgancha juftakni rostlab qoladi. Uning «biznes hamkorlari» esa boshni changallagancha qolib ketaverishadi. 

Buzoqning yugurgani somonxonagacha, deganlaridek firibgarlar noqonuniy xatti-harakatlari bilan uzoqqa bora olmadi. Ular ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan qoʻlga olindi. Endilikda esa qonun oldida qilmishlari uchun javob berishmoqda.

Mixli SAFAROV,

oʻz muxbirimiz.